O‘zbekistonda yillik inflatsiya tarixiy minimumga tushdi
Go‘sht va yoqilg‘i qimmatlashishda davom etayotganiga qaramay, yillik inflatsiya 5,5% tashkil etmoqda
Фото: Kapital.uz
2026-yil may oyida O‘zbekistonda yillik inflatsiya 5,5% ni tashkil etib, tarixdagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida iste’mol narxlari indeksi oylik hisobda 0,2% ga oshgan. Yil boshidan buyon narxlar o‘sishi esa 2,7% ni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yil may oyida yillik inflatsiya 8,7% bo‘lgan.
Meva-sabzavot mahsulotlari narxlaridagi o‘zgarishlar hisobga olinmaganda, oylik inflatsiya 0,6%, yillik inflatsiya esa 5,8% darajasida shakllangan.
Go‘sht mahsulotlari narxi sezilarli oshdi
May oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari umumiy hisobda o‘zgarmagan bo‘lsa-da, ayrim mahsulotlarda sezilarli qimmatlashuv kuzatildi.
Xususan, suyaksiz mol go‘shti bir oyda 3,6% ga, suyakli mol go‘shti va qo‘y go‘shti esa 2,9% ga qimmatlashgan. Yillik hisobda esa ushbu mahsulotlar narxi mos ravishda 20,5%, 19% va 22,8% ga oshgan.
Go‘sht qiymasi narxi oy davomida 2% ga, yillik kesimda esa 15,8% ga ko‘tarilgan.
Shuningdek, shakar narxi 1,5% ga, pasterizatsiya qilingan sut 1,1% ga, tirik va sovutilgan baliq 1% ga qimmatlashgan. Un va o‘simlik yog‘i narxlari mos ravishda 0,9% va 0,6% ga oshgan.
Yillik hisobda sut mahsulotlari 5,1%, baliq 6,9%, un 4,6% va o‘simlik yog‘i 7% ga qimmatlashgani qayd etilgan.
Ayrim mahsulotlar arzonlashdi
May oyida guruch va guruch oqshog‘i narxi o‘rtacha 1,6% ga pasaygan. Natijada ushbu mahsulotning yillik narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,7% ga arzonlashgan.
Bundan tashqari, tuxum narxi 0,1% ga, parranda go‘shti esa turiga qarab 1,5–1,6% ga pasaygan. Xom sut narxi ham oy davomida 0,8% ga arzonlashgan.
Shu bilan birga, yillik hisobda tuxum narxi hali ham 21,4% ga, parranda go‘shti 3,4–4,5% ga, xom sut esa 5,1% ga yuqori darajada qolmoqda.
Yoqilg‘i va transport xizmatlari qimmatlashmoqda
May oyida transport bilan bog‘liq xarajatlarda ham o‘sish kuzatildi.
Benzin narxi o‘rtacha 0,6% ga oshib, yillik o‘sish sur’ati 12% ga yetgan. AI-92 markali benzin 0,6% ga, AI-95 — 0,8% ga, AI-98 va AI-100 markalari esa 1,6% ga qimmatlashgan.
Propan narxi 1,9% ga oshib, bir litr uchun 7,2 ming so‘mgacha yetgan. Metan narxi esa 0,2% ga ko‘tarilgan.
Avtoturargoh xizmatlari narxi 1,1% ga, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari 1,2% ga qimmatlashgan. Elektrosamokat va elektrovelosipedlarni ijaraga berish xizmatlari narxlari esa bir oyda 6,2% ga oshgan.
Yo‘lovchi tashish xizmatlarida tramvay yo‘l haqi 15,5% ga, taksi xizmatlari 1% ga, shaharlararo avtobus qatnovlari 1% ga, shahar avtobuslari esa 0,5% ga qimmatlashgan.
Biroq so‘mning yevro va Shveysariya frankiga nisbatan mustahkamlanishi uzoq masofali poyezd chiptalari narxining 0,3% ga, aviaqatnovlar narxining esa 1,3% ga pasayishiga xizmat qilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ