Markaziy bank iqtisodiyot va bank tizimi uchun iqlim xatarlarini baholadi
Regulyator suv tanqisligi, jazirama, zilzila va suv toshqinlari kabi oltita asosiy tahdidni ajratib ko‘rsatdi
Foto: Kapital.uz
Markaziy bank O‘zbekiston hududlarining iqlim xatarlari xaritasini taqdim etdi hamda ularning moliya tizimiga ehtimoliy ta’sirini baholadi. Bu haqda moliyaviy barqarorlik sharhida so‘z boradi.
Regulyator ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi iqtisodiyot uchun xavf omillaridan biriga aylanmoqda. Sharhda tahdidlarning ikki turi — jismoniy va o‘tish davri xatarlari ajratilgan.
Jismoniy xatarlarga jazirama, suv tanqisligi, suv toshqinlari, zilzilalar va boshqa tabiiy hodisalar oqibatida yuzaga keladigan iqtisodiy yo‘qotishlar kiradi. O‘tish davri xatarlari esa past uglerodli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida qonunchilik, texnologiyalar va davlat siyosatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Bunday o‘zgarishlar kompaniyalar aktivlari qiymatiga hamda ularning kredit majburiyatlarini bajarish qobiliyatiga ta’sir qilishi mumkin.


Markaziy bank taqdim etgan xarita oltita iqlim tahdidini o‘z ichiga oladi: zilzilalar, suv tanqisligi, daryo va shahar suv toshqinlari, ko‘chkilar hamda ekstremal jazirama. Hududlar xavf darajasiga qarab past, o‘rta va yuqori toifalarga ajratilgan.
Hududlar bo‘yicha xavf darajasini baholashda Markaziy bank viloyat tarkibidagi tumanlar orasidagi eng yuqori xavf ko‘rsatkichini asos qilib olgan.
Eng yuqori seysmik xavf Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida qayd etilgan.
G‘arbiy hududlarda asosiy tahdid suv tanqisligi hisoblanadi. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlarida yog‘ingarchilikning kamligi, qurg‘oqchil iqlim hamda tuproq sho‘rlanishi sabab bu xavf yuqori baholangan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat g‘arbida yog‘ingarchilik janubi-sharqiy hududlarga nisbatan deyarli o‘n baravar kam yog‘adi. Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda o‘rta va kuchli sho‘rlangan yerlar ulushi mos ravishda 41% va 40%ni tashkil etadi.
Yog‘ingarchilik kamligi sabab g‘arbiy hududlar qishloq xo‘jaligi asosan sug‘orish tizimlariga bog‘liq. Mamlakatda iste’mol qilinadigan suv resurslarining qariyb 90%i aynan ushbu tarmoqqa to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, 2024-yilda nominal YAIMning 18 foizi va umumiy bandlikning 23 foizini ta’minlagan.
Suv tanqisligi
Markaziy bankning qayd etishicha, aholi sonining o‘sishi va sanoat rivojlanishi suv resurslariga bo‘lgan talabni oshirmoqda, iqlim o‘zgarishi esa ularning mavjudligini qisqartirmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yillik suv tanqisligi 2030-yilga borib 7 mlrd kub metr, 2050-yilda esa 15 mlrd kub metrga yetishi mumkin. Shu bilan birga, Amudaryo oqimi 5%ga, Sirdaryo oqimi esa 15%ga kamayishi kutilmoqda.
Eng zaif tarmoq sifatida qishloq xo‘jaligi ko‘rsatilgan. Mazkur soha mamlakatdagi chuchuk suv iste’molining qariyb 92%ini tashkil etadi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi korxonalariga ajratilgan kreditlarning banklar kredit portfelidagi ulushi 2025-yilda 9,1%dan 10,1%gacha oshgan.
Markaziy bank qishloq xo‘jaligining suv resurslariga yuqori darajada bog‘liqligi kompaniyalar va banklar uchun tavakkalchiliklarni kuchaytirishini ta’kidlaydi. Qurg‘oqchilik, suv tanqisligi yoki boshqa iqlim omillari korxonalar moliyaviy ahvolini yomonlashtirib, muammoli kreditlar hajmining oshishiga olib kelishi mumkin.
Suv toshqinlari va ko‘chki xavfi
Daryo suv toshqinlari xavfi O‘zbekiston hududining katta qismida, ayniqsa yirik suv havzalari va daryolarning yuqori oqimlari yaqinidagi hududlarda saqlanib qolmoqda. Shahar suv toshqinlari xavfi esa hududlarga qarab farqlanadi: Xorazm, Jizzax va Andijon viloyatlarida u o‘rta darajada, Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida past darajada, qolgan hududlarda esa yuqori darajada baholangan.
Markaziy bank qayd etishicha, shahar suv toshqinlari xavfining ortishiga asfalt, beton va suvning tuproqqa singishiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa qoplamalar maydonining kengayishi sabab bo‘lmoqda. Bu yer yuzasida suv to‘planishiga va pasttekisliklarda suv bosishi ehtimolining oshishiga olib keladi.
Mamlakat uchun yana bir iqlim tahdidi ko‘chkilardir. O‘zbekistonda qariyb 90 ming kvadrat kilometr hududni tog‘lar egallaydi va ularning taxminan 17%i ko‘chki xavfiga moyil.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chkilarning 65–70%i qor erishi, yog‘ingarchilik va yer osti suvlari ta’sirida, yana 20–25%i zilzilalar, 15–20%i esa texnogen omillar sabab yuz beradi.
Ko‘chki xavfi eng yuqori bo‘lgan hududlar qatoriga Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari kiradi. Bu tog‘li relyef, yuqori seysmik faollik hamda yog‘ingarchilikning ko‘pligi bilan izohlanadi.
Jazirama
Iqlim kun tartibidagi yana bir muhim omil harorat hisoblanadi. So‘nggi 70 yil ichida mamlakatda o‘rtacha havo harorati 2,9 daraja Selsiyga oshgan. Asr oxirigacha esa u yana 1,94 darajaga ko‘tarilishi mumkin.
Haroratning har bir darajaga oshishi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni 0,5–8,5% ga oshiradi. Qurilish sohasida esa jazirama kunlarda mehnat unumdorligi 20–30% ga pasayadi.
Markaziy bank ta’kidlashicha, iqlim omillari kompaniyalar garov mulki qiymatini pasaytirishi hamda muammoli kreditlar hajmini oshirishi mumkin. Shu bois banklar kredit ajratishda ekologik tavakkalchiliklarni ham inobatga olishi zarur.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ