Binance O‘zbekistonda kripto-aktivlar bozorini rivojlantirish uchun nimalar zarurligini o‘rgandi
Tadqiqotga ko‘ra, moliyaviy savodxonlik, sodda mahsulotlar, mahalliy to‘lov infratuzilmasi va tartibga solinadigan tizimga ishonch bozor o‘sishining asosiy omillaridan bo‘lishi mumkin
Binance O‘zbekistondagi kripto hamjamiyat orasida tadqiqot o‘tkazib, mamlakatda kripto-aktivlar bozorining rivojlanishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillarni aniqladi. Tadqiqot 2026-yil iyul va avgust oylarida o‘tkazilib, 2 mingdan ortiq respondentni qamrab olgan, shuningdek, foydalanuvchilar bilan chuqurlashtirilgan intervyular o‘tkazilgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi foydalanuvchilar kripto-aktivlar haqida yetarlicha tasavvurga ega, biroq ularga nisbatan pragmatik yondashadi. Respondentlar, avvalo, tushunarli va amaliy moliyaviy vositalarga qiziqish bildirgan.
Bilim yetishmasligi asosiy to‘siqlardan biri
Foydalanuvchilar ko‘rsatgan to‘siqlarning 30,2%i raqamli aktivlar haqidagi bilimlarning yetishmasligi bilan bog‘liq. Yana 21,9% respondent pul yo‘qotishdan qo‘rqishini bildirgan.
Shunday qilib, kripto-aktivlardan faolroq foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi omillarning yarmidan ko‘pi mahsulotni tushunish va risklarni qabul qilish bilan bog‘liq.
Foydalanuvchilar yuqori riskli vositalarga ehtiyotkor
Tadqiqotda qatnashganlarning 82,9%i past yoki o‘rtacha darajadagi riskni afzal ko‘rgan. Faqat 12,3% respondent yuqori riskli aktivlarga yo‘nalishini bildirgan.
Chuqurlashtirilgan intervyularda ham murakkab savdo vositalariga ehtiyotkor munosabat kuzatilgan. Keng auditoriya uchun raqamli aktivlarni sotib olish va saqlash, spot operatsiyalar, steyblkoinlardan foydalanish hamda pul o‘tkazmalari tushunarliroq ssenariylar sifatida qayd etilgan.
Respondentlarning 51,4%i kriptovalyutani taklif etilgan aktivlar orasida eng ko‘p ishonch bildiradigan aktivlar sinfi sifatida ko‘rsatgan. Oltin va kumushni 18,3%, bank depozitlari va aksiyalarni esa 10,4% dan respondent tanlagan.
Steyblkoinlar amaliy foydalanish imkonini kengaytirishi mumkin
Tadqiqotda steyblkoinlarga, xususan, USDT kabi dollar qiymatiga bog‘langan aktivlarga qiziqish ham qayd etilgan. Ayrim respondentlar raqamli aktivlardan ilk bor savdo uchun emas, balki pul o‘tkazmalari va hisob-kitoblarda foydalanishni boshlaganini bildirgan.
Respondentlarning 10,9%i xalqaro pul o‘tkazmalarini kriptovalyutalardan foydalanishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatgan.
Mahalliy to‘lov infratuzilmasi muhim
Chuqurlashtirilgan intervyu ishtirokchilari mablag‘larni O‘zbekistondagi bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali kiritish hamda yechib olish imkoniyatini kripto-platformalardan foydalanishning muhim shartlaridan biri sifatida qayd etgan.
O‘zbekistonda raqamli aktivlar sohasidagi provayderlar faoliyati Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan tartibga solinadi. Binance mamlakatda litsenziyalangan CoinPay hamkori orqali mahalliy tartibga solinadigan model asosida faoliyat yuritmoqda.
Tartibga solish foydalanuvchilar ishonchini oshiradi
Tadqiqot ishtirokchilari kripto-platformaga ishonchning asosiy shartlaridan biri sifatida uning O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq rasmiy faoliyat yuritishini ko‘rsatgan.
Binance xulosasiga ko‘ra, moliyaviy ta’limni rivojlantirish, xizmatlarni mahalliylashtirish, tartibga solinadigan muhitni mustahkamlash va sodda moliyaviy mahsulotlarni taklif etish O‘zbekistonda raqamli aktivlardan foydalanishni kengaytirishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ