Markaziy bank avgust oyida 22 ta bank va 3 ta mikromoliya tashkilotiga jarima sanksiyalarini qo‘lladi
Bank nazorati qo‘mitasi 7 ta yig‘ilish o‘tkazib, kredit va to‘lov tashkilotlari faoliyatiga oid masalalarni muhokama qildi
Фото: Kapital.uz
Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining 2026-yil avgust oyida o‘tkazilgan 7 ta yig‘ilishida jami 34 ta masala ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ko‘rib chiqilgan masalalarning 21 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishiga tegishli bo‘ldi. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 9 ta, mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish va to‘lov tashkilotiga litsenziya berish bo‘yicha 3 ta masala ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish bilan bog‘liq 3 ta, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlariga oid 5 ta masala muhokama qilindi.
Qo‘mita kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 13 ta masalani ham ko‘rib chiqdi. Ularda Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlar talablariga rioya etilishi, bank va nobank kredit tashkilotlaridagi inspeksiya tekshiruvlari natijalari, moliyaviy xizmatlarni “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish hamda bank filiallari va bo‘linmalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari muhokama qilindi.
Prudensial normativlar va qonunchilik talablariga rioya qilinmagani, shuningdek inspeksiya tekshiruvlari va “sirli mijoz” nazorat tadbirlarida aniqlangan qoidabuzarliklar sabab 22 ta bank va 3 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ