O‘zbekiston fuqarolari Tailand vizasini Moskvaga bormasdan rasmiylashtirishi mumkin
Hujjatlar Tailandning Rossiyadagi elchixonasida ko‘rib chiqiladi, biroq viza to‘lovini Toshkentdagi kompaniya orqali amalga oshirish mumkin
15-sentabrdan Tailand avval vizasiz 60 kungacha kirish imkoniga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini joriy qiladi. Arizalar Tailandning Moskvadagi elchixonasida ko‘rib chiqilsa-da, viza to‘lovini amalga oshirish va hujjatlarni Toshkentda kuryerlik-konsalting kompaniyasi orqali rasmiylashtirish mumkin.
Bunga O‘zbekiston Tailandning Rossiyadagi elchixonasi yurisdiksiyasiga kirishi sabab bo‘lmoqda. Shu bois viza olish uchun topshirilgan arizalarni mazkur elchixona ko‘rib chiqadi.
Tailandning Toshkentdagi faxriy konsulligi ma’lum qilishicha, turistlarda viza yig‘imini to‘lashning bir nechta imkoniyati mavjud va buning uchun Moskvaga borish shart emas. Elchixonaga shaxsan borishdan tashqari, to‘lov va qo‘shimcha xizmatlar uchun O‘zbekistonda Lilavadi Consult kuryerlik-konsalting kompaniyasi orqali yoki Moskvadagi tanishlar yordamida naqd dollar ko‘rinishida to‘lash mumkin. Kelgusida ushbu xizmatni to‘liq onlayn formatga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi avvalroq Tailand tomoni bilan mamlakat fuqarolari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan.
Viza qanday rasmiylashtiriladi?
Viza Thai E-Visa tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Anketani ariza beruvchining o‘zi yoki uning vakili to‘ldirishi mumkin. Unda safarning maqsadi va yo‘nalishi, aloqa ma’lumotlari hamda ish joyi ko‘rsatiladi.
Arizaga pasport nusxasi, kamida ikki bo‘sh sahifaga ega xorijga chiqish pasporti, borish va qaytish uchun aviachiptalar, Tailanddagi yashash joyini tasdiqlovchi hujjat hamda fotosurat ilova qilinadi.
Shuningdek, moliyaviy mablag‘ mavjudligini tasdiqlash talab etiladi. Buning uchun oxirgi uch oy davomida hisobdagi mablag‘lar harakati ko‘rsatilgan, ingliz tilidagi bank ko‘chirmasining asli taqdim etiladi. Kartada har bir kishi uchun kamida 20 ming Tailand bati bo‘lishi kerak. Voyaga yetmaganlar uchun alohida talablar amal qiladi.
Anketa topshirilgach, viza yig‘imini to‘lash uchun QR-kod ko‘rsatilgan hujjat shakllantiriladi. Ushbu hujjat bilan vositachi kompaniyaga murojaat qilib, shartnoma imzolash va to‘lovni amalga oshirish kerak. Jarayon 5–10 daqiqa davom etadi.
To‘lov usullari
Viza yig‘imi $40ni tashkil etadi. Uni uch xil usulda to‘lash mumkin: Moskvadagi elchixonaga shaxsan murojaat qilish, Moskvadagi tanishlar orqali yoki Toshkentdagi Lilavadi Consult kompaniyasi orqali so‘mda naqdsiz to‘lovni amalga oshirish. Oxirgi usulda xizmat uchun qo‘shimcha komissiya undiriladi.
Viza elektron shaklda uch oy muddatga beriladi, biroq mamlakatda amalda qancha muddat qolish mumkinligini chegara nazorati belgilaydi. Viza rasmiylashtirish bo‘yicha barcha savollarga javob beruvchi Telegram-botni ishga tushirish ham rejalashtirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ