O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi olti oyda qariyb 40% ga oshdi
Yarim yilda banklar 13,1 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratib, eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning yanvar—iyun oylarida O‘zbekiston tijorat banklari 13,1 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 trln so‘mga yoki qariyb 39% ga ko‘p.
Hisobot davrida ipoteka kreditini olgan fuqarolar soni ham oshdi. Agar 2025-yilning birinchi yarmida 31 589 nafar fuqaro ipoteka rasmiylashtirgan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 42 575 nafarga yetdi. Bir yil ichida qarz oluvchilar soni qariyb 35% ga ko‘paygan.
Bir ipoteka kreditining o‘rtacha miqdori 299 mln so‘mdan 308 mln so‘mga oshgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, ipoteka oluvchilarning 54%i erkaklar, 46%i ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Kredit oluvchilarning asosiy qismini 31–50 yoshdagilar tashkil etib, ular barcha ipoteka kreditlarining 65% ini rasmiylashtirgan.
Ajratilgan ipoteka kreditlarining asosiy qismi birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirilgan. Xususan, 9,8 trln so‘m yoki jami kreditlarning 75% i yangi uy-joylar xaridiga ajratilgan. Ikkilamchi uy-joy bozori uchun esa 3,3 trln so‘mlik kredit berilgan. Har ikki segmentda ham o‘tgan yilga nisbatan o‘sish kuzatilgan.
Hududlar kesimida eng katta ipoteka kreditlari hajmi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda ajratilgan mablag‘lar 2,96 trln so‘mdan 4,01 trln so‘mga yetib, qariyb 36 foizga oshgan.
Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (1,11 trln so‘m), Qashqadaryo viloyati (963 mlrd so‘m), Farg‘ona viloyati (888 mlrd so‘m) va Surxondaryo viloyati (834 mlrd so‘m) qayd etilgan.
Eng kam ipoteka kreditlari Sirdaryo viloyatida ajratilgan bo‘lib, ularning hajmi 356 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, Jizzax viloyatida 414 mlrd so‘m, Buxoro viloyatida 505 mlrd so‘m va Qoraqalpog‘istonda 508 mlrd so‘mlik ipoteka krediti berilgan.
Banklar orasida eng ko‘p ipoteka krediti ajratgan moliya muassasasi “Xalq banki” bo‘ldi. Bank olti oy davomida 2,2 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratgan. Undan keyingi o‘rinlarda “Agrobank” (1,96 trln so‘m), “O‘zmilliybank” (1,68 trln so‘m), “Ipoteka bank” (1,58 trln so‘m) va “SQB” (1,29 trln so‘m) joylashgan.
Hisobotda ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari pasaygani ham qayd etilgan. Respublika budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 17,5% dan 16,8% gacha tushgan.
Banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi esa 23,5% dan 20,1% gacha pasaygan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ