Banklarning muammoli kreditlari olti oyda qariyb 5 trln so‘mga oshdi
Davlat ulushi mavjud banklarda NPL ulushi 16,4 trln so‘mni, xususiylarida esa 6,5 trln so‘mni tashkil etgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston tijorat banklarining muammoli kreditlari (NPL) hajmi qariyb 5 trln so‘mga oshdi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarda keltirilgan.
1-iyul holatiga ko‘ra, respublika tijorat banklarining jami kredit portfeli 642,8 trln so‘mni tashkil etgan. Shundan 22,9 trln so‘mi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu kredit portfelining 3,6% ini tashkil etadi.
Davlat ulushi mavjud banklarda kredit portfeli 422,3 trln so‘mni, muammoli kreditlar esa 16,4 trln so‘mni tashkil etgan. Ushbu toifadagi banklarda NPL darajasi 3,9% ga teng.
Davlat banklari orasida muammoli kreditlar ulushi eng yuqori ko‘rsatkich “Mikrokreditbank”da qayd etilgan — 7,9%. Undan keyingi o‘rinlarda “Biznesni rivojlantirish banki” (5,8%), “Asaka bank” (4,6%), “Xalq banki” (4,1%) va “Turon bank” (4%) joylashgan.
Xususiy va boshqa banklar segmentida esa jami kredit portfeli 220,6 trln so‘mni, muammoli kreditlar hajmi 6,5 trln so‘mni tashkil etgan. Bu toifadagi banklarning o‘rtacha NPL darajasi 2,9% ni tashkil qilgan.
Markaziy bank statistikalariga ko‘ra, xususiy banklar orasida eng yuqori muammoli kreditlar ulushi “TBC Bank”da qayd etilgan bo‘lib, u 12,1% ni tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda “Anor bank” (7,4%), “Poytaxt bank” (7,3%), “AVO bank” (6,8%) va “Garant bank” (6,7%) joylashgan.
Aksincha, “KDB Bank O‘zbekiston”, “Oktobank” va “Uzum bank”da muammoli kreditlar qayd etilmagan. “Apeks bank”da esa NPL hajmi atigi 1,2 mlrd so‘mni tashkil etgani sababli ulushi nol foiz darajasida qolgan.
Muammoli kreditlar hajmi bo‘yicha eng yirik ko‘rsatkichlar “O‘zmilliybank” (3,2 trln so‘m), “Agrobank” (3,19 trln so‘m) va “O‘zsanoatqurilishbank” (1,99 trln so‘m) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu uch bank umumiy muammoli kreditlarning qariyb 37% ini shakllantiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ