Toshkentda o‘rtacha oylik ish haqi 12 mln so‘mdan oshdi

Mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ish haqi yarim yillikda 18,4% ga oshib, eng yuqori maoshlar esa moliya va IT sohalarida qayd etildi

Toshkentda o‘rtacha oylik ish haqi 12 mln so‘mdan oshdi

2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7,09 mln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘rsatkich 18,4% ga oshgan.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi avvalgidek Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda o‘rtacha oylik ish haqi 12,01 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,2% ga oshgan. Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati bo‘lib, bu yerda o‘rtacha ish haqi 8,72 mln so‘mni tashkil etdi (16,4% o‘sish).

Eng past ish haqlari Qashqadaryo viloyatida (4,86 mln so‘m) va Surxondaryo viloyatida (4,93 mln so‘m) qayd etildi. Shu bilan birga, mamlakatning barcha hududlarida ish haqi o‘sishi kuzatilgan.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori ish haqi bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachiligi sohalarida qayd etildi. Ushbu yo‘nalishlarda o‘rtacha oylik ish haqi 19,10 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 17,5% ga oshgan.

Ikkinchi o‘rinni axborot va aloqa sohasi egalladi. Bu yerda o‘rtacha ish haqi 17,41 mln so‘mni tashkil etdi (15,3% o‘sish). Kuchli uchlikni transport va saqlash sohasi yakunladi — ushbu yo‘nalishda o‘rtacha ish haqi 11,07 mln so‘mga yetdi. Aynan transport sohasi daromadlar o‘sishi bo‘yicha eng yuqori sur’atni — 22,8% ni qayd etdi.

Sanoat sohasida o‘rtacha ish haqi 8,26 mln so‘mni (15,4% o‘sish), savdoda 7,65 mln so‘mni (13,1% o‘sish), qurilishda esa 7,02 mln so‘mni tashkil etdi. Qurilish sohasidagi ish haqi o‘tgan yilga nisbatan 19,9% ga oshgan.

Sanoat tarmoqlari orasida eng yuqori ish haqi konchilik sanoatida qayd etilib, 11,71 mln so‘mni tashkil etdi. Elektr, gaz va issiqlik ta’minoti sohasida esa o‘rtacha ish haqi 10,19 mln so‘m bo‘ldi.

Savdo sohasida eng yuqori maosh avtomobillarni sotish va ta’mirlash yo‘nalishida kuzatildi. Ushbu segmentda o‘rtacha ish haqi 10,75 mln so‘mga yetgan.

Axborot va aloqa sohasida eng yuqori daromadni kompyuter dasturlash, konsalting va unga bog‘liq xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar olmoqda. Ularning o‘rtacha oylik ish haqi 22,23 mln so‘mni tashkil etdi. Axborot xizmatlari yo‘nalishida ishlovchilarning o‘rtacha daromadi esa 21,410 mln so‘m bo‘ldi.

Moliya sektorida eng yuqori ish haqi qayta sug‘urtalash sohasida qayd etilib, o‘rtacha 26,014 mln so‘mni tashkil etdi.

Eng past ko‘rsatkichlar ijtimoiy sohalarda saqlanib qolmoqda. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar xodimlarining o‘rtacha ish haqi 4,44 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 20,1% ga oshgan. Ta’lim sohasida esa o‘rtacha ish haqi 4,97 mln so‘m bo‘lib, 20,3% o‘sish qayd etilgan.

Ta’lim tizimida eng yuqori daromad oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilariga to‘g‘ri keladi. Ularning o‘rtacha oylik ish haqi 12,04 mln so‘mni tashkil etgan. Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari esa o‘rtacha 2,72 mln so‘m maosh olgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“TBC Bank Group” “OLX Uzbekistan” nazorat paketini sotib olganini e’lon qildi
/
“TBC Bank Group” “OLX Uzbekistan” nazorat paketini sotib olganini e’lon qildi
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14% gacha pasaytirdi
/
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14% gacha pasaytirdi
O‘zbekistonda propiskaga rozilikni onlayn rasmiylashtirish platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda propiskaga rozilikni onlayn rasmiylashtirish platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda