O‘zbekiston banklari foydasi bir yilda qariyb 70% ga oshdi
Shuningdek, kredit portfeli 642,8 trln so‘mga, depozitlar esa 473,7 trln so‘mga yetdi
Фото: Kapital.uz
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda tijorat banklari sof foydasi salkam 4,5 trln so‘mga ko‘paydi. Bu haqda Markaziy bank maʼlumot berdi.
Olti oyda banklar jami 11 trln so‘m sof foyda ko‘rgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2025-yil mos davrida 6,5 trln so‘mni tashkil etgan. Yaʼni foyda bir yil oldingi raqamlarga qaraganda 69% ga oshgan.
Hozir respublikada 34 ta bank faoliyat yuritmoqda. Ular yarim yil davomida 1,54 trln so‘m foyda solig‘i to‘lagan. 2025-yil yanvar—iyun oylarida esa mazkur ko‘rsatkich 1,37 trln so‘m edi.
1-iyul holatiga ko‘ra, banklarning jami ajratgan kreditlari qoldig‘i 642,8 trln so‘mga yetdi. Bu bir yil oldingidan 67,6 trln so‘mga ko‘p. Depozitlar qoldig‘i esa 473,7 trln so‘mni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich 2025-yil mos davridagiga nisbatan 118,1 trln so‘mga oshgan.
Banklarning asosiy daromadlari pul ustiga foiz qo‘shib, kredit berishdan keladi. Joriy yilning dastlabki yarmida banklardagi jami foizli daromadlar miqdori 71,8 trln so‘mni tashkil etgan. Bu bir yil avvalgi raqamlardan 11,6 trln so‘mga ko‘p.
Foizsiz daromadlar miqdori(kredit yoki depozit foizlaridan tashqari tushumlar) 19 trln so‘mga yetgan. Bu 2025-yilning birinchi yarmidagidan 11 trln so‘mga ko‘p degani. Sof foyda esa soliq va boshqa barcha xarajatlardan ortgan daromad hisoblanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ