Sherzod Xodjayev O‘zbekiston energetika vaziri etib tayinlandi

Bungacha u Energetika sohasini rivojlantirish va bozorni tartibga solish agentligini boshqargan

Sherzod Xodjayev O‘zbekiston energetika vaziri etib tayinlandi

Jo‘rabek Tursunpulatovich Mirzamahmudovning Energetika vaziri lavozimidan ozod etilgani rasman tasdiqlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident farmoni bilan Mirzamahmudovning o‘rniga Sherzod Xikmatullayevich Xodjayev O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri lavozimiga tayinlandi. Bundan ilgariroq Sherzod Xo‘jayev nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi.

Tayinlov munosabati bilan Sherzod Xodjayev 2023-yildan buyon egallab kelgan O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimidan ozod etildi.

Ma’lumot uchun, Sherzod Xodjayev mehnat faoliyatini 1998-yilda Energetika va elektrlashtirish vazirligida dasturchi-muhandis sifatida boshlagan. Keyinchalik u “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasida turli rahbarlik lavozimlarida ishlab, 2017-yilgacha direktor o‘rinbosari, 2018-yilgacha esa kompaniya direktori vazifasini bajargan.

2019–2023-yillarda energetika vazirining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Xodjayev 2023-yilda Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisiga rahbarlik qildi. O‘sha yil yanvar oyida mamlakatda kuzatilgan energetika inqirozidan so‘ng u egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

2023-yildan buyon Sherzod Xodjayev Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori sifatida ishlab kelayotgan edi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari bilan:

  • Axadxon Ikromjonovich Isoqjonov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi;
  • Dadajon Aynaqulovich Isaqulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.

Kapital.uz avvalroq Energetika vaziri Mirzamahmudov ishdan olingani haqida xabar bergandi. 

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi olti oyda qariyb 40% ga oshdi
/
O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi olti oyda qariyb 40% ga oshdi
Yangi Andijonda $300 mlnlik istirohat bog‘i va turar joy majmuasi quriladi
/
Yangi Andijonda $300 mlnlik istirohat bog‘i va turar joy majmuasi quriladi
Banklarning muammoli kreditlari olti oyda qariyb 5 trln so‘mga oshdi
/
Banklarning muammoli kreditlari olti oyda qariyb 5 trln so‘mga oshdi