“Hududiy elektr tarmoqlari”ga yangi boshqaruv raisi tayinlandi

Sardor Isaqulov 2024-yildan buyon kompaniyaga rahbarlik qilib kelgan Asrorjon Askarovning o'rnini egalladi

“Hududiy elektr tarmoqlari”ga yangi boshqaruv raisi tayinlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tarmoqdagi tizimli muammolar tanqid qilinib, qator kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Davlat rahbari elektr va gaz tarmoqlaridagi yuqori yo‘qotishlar, eskirgan infratuzilma, hisobga olish tizimidagi nosozliklar hamda debitor qarzdorlikning ortib borayotganini tanqid qildi.

Ma’lum qilinishicha, elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar hozirda 17,2% ni tashkil etmoqda. 2026-yilning olti oyida 4,8 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi yo‘qotilgan. Andijon shahri, Asaka, Yangiobod, Koson, Ko‘kdala, Boysun, Oltinsoy, Qo‘shtepa, Toshloq, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida bu ko‘rsatkich 25% dan oshgan.

Shuningdek, ASKUE va ASKUG tizimlari ishga tushirilganiga to‘rt yildan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagichi ma’lumot uzatmayotgani qayd etildi. Prezident bu holat ayrim hududlarda debitor qarzdorlikning oshishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyatida qurilayotgan bug‘-gaz elektr stansiyasi loyihasi ham tanqid qilindi.

Qayd etilishicha, stansiya uchun joy noto‘g‘ri tanlangani sabab gazni obyektga yetkazish uchun qo‘shimcha $300 mln sarflash zarur bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan loyiha bo‘yicha tuzilgan shartnomani qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tizimdagi jiddiy kamchiliklar sabab energetika vaziri hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi rahbari lavozimidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, Asrorjon Askarov “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari lavozimida 2024 yildan buyon ishlab kelayotgan edi.

Prezident qarori bilan Sherzod Xodjayev energetika vaziri etib tayinlandi. Sardor Isaqulov “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimini egalladi. Energiya inspeksiyasiga esa Axad Isoqjonov rahbar etib tayinlandi.

Bundan tashqari, “Milliy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Transgaz” va “Hududgaz” rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilandi. Belgilangan vazifalar bajarilmasa, ular ham lavozimidan ozod etilishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.

Prezident yangi rahbarlar bugundan boshlab mutlaqo yangi ish uslubini joriy etishi lozimligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda Yangiyo‘l tumanidagi holat alohida tahlil qilindi. Qayd etilishicha, elektr iste’moli sezilarli oshgan bo‘lsa-da, tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlari talab darajasida olib borilmagan.

Shuningdek, hududdagi elektr va gaz hisoblagichlarining katta qismi ma’lumot uzatmayotgani hamda debitor qarzdorlik yuqori darajaga yetgani ta’kidlandi.

Prezident yig‘ilish yakunida hokimlarni ham energetika sohasidagi muammolarni hal etishda faolroq bo‘lishga chaqirdi.

Hokimlar ham “Bu energetiklarning ishi” deb xotirjam o‘tirishga haqqi yo‘q. So‘rov qattiq bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Energetikadagi muammo pulda emas, boshqaruvda” — prezident
/
“Energetikadagi muammo pulda emas, boshqaruvda” — prezident
O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi olti oyda qariyb 40% ga oshdi
/
O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi olti oyda qariyb 40% ga oshdi
Sherzod Xodjayev O‘zbekiston energetika vaziri etib tayinlandi
/
Sherzod Xodjayev O‘zbekiston energetika vaziri etib tayinlandi