O‘zbekistonda xususiy kompaniyalarga suyultirilgan gaz yetkazib berishga ruxsat beriladi
Yangi tizim dastlab Andijon viloyatida sinov tariqasida joriy etilib, yil oxirigacha barcha hududlariga tatbiq etish rejalashtirilgan
Prezident aholi va tadbirkorlik subyektlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashga xususiy kompaniyalarni jalb etishni ma’qulladi. Yangi tartib dastlab Andijon viloyatida sinov tariqasida joriy etiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari aholini va biznesni yoqilg‘i bilan ta’minlashga tijorat tuzilmalarini jalb etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Mazkur qaror amaldagi tizim resursni o‘z vaqtida yetkazib berishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani sabab qabul qilindi.
Masalan, Andijon viloyatida joriy yilning olti oyida rejalashtirilgan 48 ming tonna o‘rniga 41 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Viloyatdagi 318 ta mahallada gaz yetkazib berish jadvaldan ortda qolmoqda. Ayni paytda mamlakat bo‘yicha 3,7 mln xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi.
Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar o‘zlari import qilgan yoki tovar-xomashyo birjasidan xarid qilgan suyultirilgan gazni sotish huquqiga ega bo‘ladi. Joriy yil boshidan buyon xususiy kompaniyalar 157 ming tonna suyultirilgan gaz import qilgan. Ijtimoiy himoyaning yagona reyestriga kiritilgan oilalar uchun gaz xarid qilishdagi davlat ko‘magi saqlab qolinadi.
Yangi tizimni joriy yil oxirigacha mamlakatning barcha hududlariga tatbiq etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, suyultirilgan gaz ishlab chiqarishning yillik hajmini avval rejalashtirilgan 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bir oy muddatda mutaxassislar gazni yetkazib berish, saqlash va taqsimlash logistikasini ilg‘or xorijiy standartlar asosida qayta tashkil etadi.
Shuningdek, iste’molchilarning ehtiyojidan kelib chiqib, og‘irligi 20 kilogramm bo‘lgan yagona gaz ballonlari standartidan voz kechib, turli hajmdagi ballonlardan foydalanish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirda 1 916 ta mahallada tabiiy gaz ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Mas’ul idoralarga uch oy muddatda ushbu hududlarning elektr energiyasi va elektr tarmoqlariga qo‘shimcha ehtiyojini baholash, isitish tizimlarini elektr energiyasiga o‘tkazish imkoniyatlarini o‘rganish hamda muammoli hududlarni moliyalashtirish rejasini ishlab chiqish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ