ILMA qimmatli qog‘ozlar emitentlari uchun qonuniylik reytingini joriy etishni taklif qildi

Kompaniyalar faoliyatining shaffofligi va qonunchilik talablariga rioya etish darajasiga qarab to‘rt toifaga ajratiladi

ILMA qimmatli qog‘ozlar emitentlari uchun qonuniylik reytingini joriy etishni taklif qildi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) aksiyalar va obligatsiyalar chiqaruvchi korxonalarni ularning faoliyati shaffofligi hamda qonunchilik talablariga rioya etish darajasiga qarab baholash tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilingan hujjat loyihasida keltirilgan.

Korxonalar kapital bozori, aksiyadorlik jamiyatlari va investorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga rioya etishi, shuningdek, axborotni oshkor etish darajasiga qarab baholanadi. Reytingni shakllantirish bilan regulyator sifatida ILMA shug‘ullanadi.

Natijalarni har chorakda Korporativ axborot yagona portalida hisobot davridan keyingi ikkinchi oyning beshinchi kunidan kechiktirmay e’lon qilish rejalashtirilgan. Yillik baholash natijalari esa 20-iyulgacha e’lon qilinishi kerak. Faqat aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishi kvorum to‘play olmagan holatlar bundan mustasno bo‘ladi.

Ballarni hisoblashda regulyator yetti turdagi qonunbuzarlikni inobatga oladi. Hisobotlarni belgilangan muddatda taqdim etmaslik (15 ball), muhim faktlarni yashirish (15 ball), qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlarni to‘lamaslik (10 ball), yolg‘on ma’lumot taqdim etish (10 ball) va korporativ me’yorlarga rioya qilmaslik (10 ball) uchun jarima ballari beriladi. Bundan tashqari, asosli shikoyatlar (5 balldan 10 ballgacha) hamda agentlik ko‘rsatmalarini bajarmaslik (30 ball) ham hisobga olinadi.

Yakuniy ballar yuridik shaxsning qaysi toifaga kiritilishini va regulyator tomonidan qanday choralar ko‘rilishini belgilaydi:

  • A toifa (10 ball va undan kam) — qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilganini anglatadi;
  • B toifa (15–25 ball) — kam miqdordagi qonunbuzarliklarni bildiradi. Kompaniyalarga KAYPdagi shaxsiy kabinet orqali profilaktik choralar ko‘rish talabi bilan ogohlantirish yuboriladi;
  • C toifa (50–60 ball) — axborotni oshkor etishda tizimli kamchiliklar mavjud bo‘lganda beriladi. Bunday ishtirokchilarga qimmatli qog‘ozlarning yangi emissiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilishi va axborot joylashtirish imkoniyati cheklanishi mumkin;
  • D toifa (65–100 ball) — yolg‘on ma’lumot taqdim etish va dividendlarni to‘lashdan bosh tortish kabi qo‘pol qonunbuzarliklar uchun qo‘llaniladi. Bu holda agentlik qimmatli qog‘ozlar muomalasini to‘xtatib turishi yoki obligatsiyalarni muddatidan oldin so‘ndirishni talab qilishi mumkin.

Shuningdek, berilgan toifaga qarab ta’sir choralari ham belgilanadi. B guruhidagi tashkilotlarga KAYPdagi shaxsiy kabinet orqali kamchiliklarni bartaraf etish talabi bilan ogohlantirish yuboriladi. C reytingiga ega kompaniyalarga yangi qimmatli qog‘ozlar emissiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilishi va portalga kirish imkoniyati cheklanishi mumkin. D toifasiga kirgan eng jiddiy qoidabuzarlarga nisbatan esa eng qat’iy choralar qo‘llanadi — agentlik ularning qimmatli qog‘ozlari muomalasini to‘xtatishi yoki obligatsiyalarni muddatidan oldin so‘ndirishni talab qilishi mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston va Qirg‘iziston $1,5 mlrdlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishdi
/
O‘zbekiston va Qirg‘iziston $1,5 mlrdlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishdi
O‘zbekistonda omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari 4 yillik minimumga tushdi
/
O‘zbekistonda omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari 4 yillik minimumga tushdi
“Samarkand-2028” sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarildi
/
“Samarkand-2028” sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarildi