ILMA kapital bozori to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi
Hujjatda fyucherslar, opsionlar va islomiy qimmatli qog‘ozlarni joriy etish, shuningdek, regulyator vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda
O‘zbekistonda yangi moliyaviy vositalarni joriy etish, bozor infratuzilmasini rivojlantirish hamda xorijiy va mahalliy investorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishni nazarda tutuvchi “Kapital bozori to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda 12-avgust kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligida (ILMA) o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda Kapital.uz muxbiri.
Qonun loyihasi 16 bob va 123 moddadan iborat. U xalqaro tajriba asosida, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Islom taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), IOSCO, AQSh Savdo vazirligi, SEC, davlat organlari va bozor ishtirokchilari ishtirokida ishlab chiqilgan.
Asosiy o‘zgarishlardan biri moliyaviy vositalar ro‘yxatini kengaytirish bo‘ladi. Qonun loyihasida opsionlar, svoplar, fyucherslar, forvardlar va narxlar farqiga oid shartnomalardan foydalanish imkoniyati nazarda tutilmoqda. Shuningdek, ta’minlangan obligatsiyalar, sek’yuritizatsiyalangan obligatsiyalar, barqaror rivojlanish obligatsiyalari va sukuk qimmatli qog‘ozlarini joriy etish taklif qilinmoqda.
Sukukka — islomiy moliyalashtirish tamoyillariga mos keluvchi moliyaviy vositalarga alohida e’tibor qaratilgan. Qonun loyihasida ularni chiqarish va muomalaga kiritishning huquqiy mexanizmlari belgilanib, sukukning asosiy turlari — sheriklik, ijara, savdo va agentlik sukuklari tartibga solinadi.
Investorlarni himoya qilish maqsadida sukuk egalari vakili institutini joriy etish hamda operatsiyalarning islomiy moliyalashtirish standartlariga muvofiqligini tasdiqlash mexanizmini kiritish taklif qilinmoqda.
Qonun loyihasida kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida o‘rin berilgan. Xususan, kastodial faoliyatni litsenziyalash, markaziy kontragent institutini joriy etish, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatlarini kengaytirish, o‘zini o‘zi tartibga soluvchi tashkilotlar va obligatsiya egalari vakili institutlarini yaratish taklif etilmoqda.
Kapital bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Saulat Toreshovning so‘zlariga ko‘ra, professional infratuzilmani rivojlantirish va uning faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish yirik xorijiy institutsional investorlarning bozorga kirishi uchun sharoit yaratishi kerak.
Qonun loyihasining alohida qismi davlat tomonidan tartibga solish va nazorat masalalariga bag‘ishlangan. Vakolatli organning nazorat vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, qoidabuzarliklar aniqlanganda IOSCO tamoyillariga muvofiq moliyaviy sanksiyalar va boshqa choralarni qo‘llash imkoniyatini belgilash taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, qonunchilik darajasida xalqaro moliya institutlarining obligatsiyalarini O‘zbekiston hududida chiqarishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda. Mahalliy kompaniyalar uchun xorijiy kapital bozorlariga chiqish bo‘yicha huquqiy sharoitlar yaratish taklif qilinmoqda.
Yangi qonun ishlab chiqilishi kapital bozorining asosiy ko‘rsatkichlari o‘sishi bilan bog‘liq. Aksiyalar emissiyasi hajmi 2023-yildagi 189,7 trln so‘mdan 2025-yilda 265,1 trln so‘mgacha oshgan. 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 269,4 trln so‘mga yetgan.
Korporativ obligatsiyalar emissiyasi hajmi shu davrda 1,06 trln so‘mdan 3,93 trln so‘mgacha oshgan. 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, u 7 trln so‘mdan oshgan.
Fond birjasidagi savdolarning umumiy hajmi esa 2023–2025-yillarda qariyb olti barobar — 2,9 trln so‘mdan 17,6 trln so‘mgacha oshgan.
Agentlik fikricha, qonunning qabul qilinishi iqtisodiyotga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish hamda aholi va biznes uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilishi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ