“Humo Air” qayta xususiylashtirishga chiqariladi
Aviakompaniya investor bilan shartnoma bekor qilingach, davlat mulkiga qaytariladi
“Humo Air” 2026–2027-yillarda ochiq savdolar orqali sotilishi lozim bo‘lgan davlat aktivlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu prezidentning 28-avgustdagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, aviakompaniya avval ham xususiylashtirish jarayonidan o‘tgan. 2022-yil oxirida “Humo Air”ning 100% ulushini Shveysariyaning ValleyRoad Capital S. A. investitsiya kompaniyasi 27,2 mlrd so‘mga, o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha qariyb $2,4 mlnga sotib olgan.

Bitim shartlariga ko‘ra, investor aviakompaniyani rivojlantirishi va 2026-yilgacha 18 ta havo kemasini, jumladan, 2023-yilning ikkinchi choragi oxirigacha uchta samolyotni sotib olishi kerak edi. “Humo Air” loukoster modeliga o‘tish, ichki va xalqaro yo‘nalishlarni rivojlantirishni rejalashtirgan.
Biroq kompaniyaning amaldagi mulkchilik tarkibi yangi farmon qoidalariga hozircha mos kelmaydi. Korxonalar va tashkilotlarning Yagona davlat reyestridagi 8-sentabr holatiga ko‘ra, “Humo Air”ning 51% ulushi hanuz ValleyRoad Capital kompaniyasiga, 49%i esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli deb ko‘rsatilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligida investor bilan shartnoma allaqachon bekor qilingani ma’lum qilindi.
Mazkur shartnoma allaqachon bekor qilingan, shu sababli 100% lik ulush yana qaytariladi va bir necha kun ichida mulk huquqining tegishli o‘tishi rasmiylashtiriladi, — deyiladi agentlik xabarida.
Qayta rasmiylashtirish yakunlangach, davlat yana “Humo Air”ning 100% egasiga aylanadi. Shundan so‘ng aviakompaniyaning to‘liq ulushi ochiq savdolarga chiqarilishi kerak.
“Humo Air” 2020-yil yanvarida davlatga qarashli maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi negizida tashkil etilgan. Tashuvchiga ichki reyslarni amalga oshirish uchun foydalanish rejalashtirilgan 43 ta An-2 samolyoti berilgan.
2024-yil fevral oyi oxirida “Humo Air” 10-martdan boshlab barcha parvozlarni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qilgan. Kompaniya ushbu davrdan “qayta yuklanish” va xalqaro yo‘nalishlarni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun foydalanishini bildirgan.
Mart oyi boshida tashuvchi Fly2Sky bilan ikkita samolyotni qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishgan. “Humo Air” buni lizing shartnomasining kompaniya rejalashtirgan biznes-rejani amalga oshirishga imkon bermagan shartlari bilan izohlagan.
Shundan so‘ng aviakompaniya yangi havo kemalari bilan muntazam reyslarni qayta tiklash va asosiy e’tiborni xalqaro tashuvlarga qaratishni rejalashtirgan. Potensial yo‘nalishlar qatorida Olmaota, Istanbul va Dubay bor edi.
Endilikda “Humo Air” davlat mulkiga qaytarish va qayta sotish jarayonidan o‘tishi kerak. Shu bilan birga, yangi farmonda bo‘lajak xususiylashtirish shartlari va aviakompaniya qiymati aniqlanadigan parametrlar hozircha ochiqlanmagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ