O‘zbekistonda haydovchilarga o‘zini o‘zi band qilib, ishlashga qayta ruxsat berildi
Bunday tartib bundan ikki yil avval joriy qilingan edi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Xabar berilganidek, xizmatlar sohasini rivojlantirish haqida Prezident qarori imzolandi.
Unga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari kengaytirildi.
Xususan, yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi. Fuqarolar ushbu faoliyat bilan litsenziya varaqasi asosida shug‘ullanishlari mumkin.
Avvalroq Prezident Mirziyoyev bu haqdagi taqdimot bilan tanishgan edi. Ikki yil oldin bunday tartibda faoliyat olib borishga vaqtinchalik ruxsat berilgan edi. Buning natijasida taksichilar soni 6 barobar oshib, 457 mingga yetgan.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-apreldan soliq organlari xodimlari tomonidan ularga biriktirilgan korxonalarda yoki mahallalardagi tadbirkorlik subyektlarida belgilangan soliqqa oid huquqbuzarliklar aniqlanganda quyidagi tartib joriy etiladi:
- birinchi marta ogohlantirish;
- ogohlantirishdan so‘ng 3 kun muddatda soliqqa oid huquqbuzarlik bartaraf etilmagani yoki takroran aniqlangani sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishga asos bo‘lishi;
- sayyor soliq tekshiruvini 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshirishga ruxsat etish;
- sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma sayyor soliq tekshiruvi bo‘yicha qaror qabul qilish uchun asos bo‘lib hisoblanishi.
Avvalroq 2025-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi barcha tekshiruvlar faqatgina “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi amalga oshirilishi ma’lum qilingandi. Ta’kidlanishicha, har bir tekshiruv haqida Biznes-ombudsmanni xabardor qilish lozim.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ