Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 14,25% gacha pasaytirdi
Regulyator qarorni iste’mol narxlari o‘sishi sur’atlarining sekinlashuvi fonida qabul qildi
Rossiya banki direktorlar kengashi 2026-yil 19-iyun kuni asosiy stavkani yillik 14,25% darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti joriy yil boshidagi ma’lum pasayishdan so‘ng mo‘tadil o‘sishni davom ettirmoqda. Barqaror inflyatsiya sekinlashish belgilarini namoyon etayotgan bo‘lsa-da, u hali ham 4–5% oralig‘ida saqlanib qolmoqda.
So‘nggi vaqtlarda mutaxassislar kompaniyalar va aholi o‘rtasida kreditlash faollashganini qayd etmoqda. Shu bilan birga, kelgusi uch yil uchun byudjet siyosati avval prognoz qilinganidan ko‘ra rag‘batlantiruvchi tus olishi mumkin. Bu esa regulyatordan pul-kredit siyosati yo‘nalishini tanlashda yanada ehtiyotkor yondashuvni talab qiladi.
Xabarda qayd etilishicha, joriy yilning aprel va may oylarida mavsumiy omillar hisobga olingan holda narxlar o‘sishi yillik hisobda 2,1% gacha sekinlashgan. Inflyatsion kutilmalar pasayganiga qaramay, ular hanuz yuqori darajada qolmoqda va narxlar o‘sishining sekinlashuviga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Mehnat bozoridagi vaziyat hamon tarangligicha qolmoqda. Ishsizlik darajasi tarixiy minimum ko‘rsatkichlarda saqlanib turibdi, ish haqlarining o‘sishi esa mehnat unumdorligi o‘sishidan yuqoriligicha qolmoqda.
Rossiya banki kelgusi yig‘ilishlarda qaror qabul qilishda inflyatsiya dinamikasi va tashqi xatarlarni kuzatishda davom etishini bildirdi. Regulyator prognoziga ko‘ra, joriy yil yakunida yillik inflyatsiya 4,5–5,5% ni tashkil etadi.
Avvalroq Kapital.uz O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yana 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ