O‘zbekistonliklarning 68% i kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda — MB
Daromadlar subindeksi 72,8% ga yetib, respondentlarning 66%i asosiy daromad manbai sifatida rasmiy ish haqini ko‘rsatgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda aholining daromad bo‘yicha kutilmalari ijobiyligicha qoldi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.
Daromadlar subindeksi 72,8 bandni tashkil etib, avvalgi chorakka nisbatan 0,3 bandga, 2025-yilning mos davriga nisbatan esa 1,5 bandga oshdi.
Ko‘rsatkichning yaxshilanishiga aholi real daromadlarining barqaror o‘sishi hamda xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining ko‘payishi asosiy omil bo‘ldi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 68%i kelgusi davrda daromadlari oshishini kutmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning to‘rtinchi choragida 67% ni tashkil etgan edi. Yana 25% respondent daromadlari o‘zgarmasligini bildirgan bo‘lsa, daromadlari kamayishini kutayotganlar ulushi 7% gacha qisqardi. Bu so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Daromadlarning oshishiga doir ijobiy kutilmalar deyarli barcha daromad guruhlarida yuqori darajada shakllandi. Ayniqsa, oyiga 20 mln so‘mdan ortiq daromad oluvchi qatlam orasida optimizm kuchaydi. Ushbu guruhning 77% i daromadlari yanada oshishini kutmoqda. Bu ko‘rsatkich avvalgi chorakda 72% ni tashkil etgan edi.
Shu bilan birga, 3−5 mln so‘m va 7−10 mln so‘m daromadga ega respondentlar asosan daromadlari o‘zgarishsiz qolishini kutmoqda. Daromadlar pasayishi bo‘yicha kutilmalarning biroz ortishi esa 10−15 mln so‘m daromad oluvchi guruhda qayd etilgan.
So‘rovda qatnashganlarning 66%i asosiy daromad manbai sifatida rasmiy ish haqini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, tomorqa, tadbirkorlik va savdo, kunlik daromadli ishlar, ko‘chmas mulk ijarasi hamda pul o‘tkazmalari hisobidan daromad topayotganlar ulushi ham biroz oshgan.
Tarmoqlar kesimida esa maishiy xizmatlar, kafe va restoranlar, qishloq xo‘jaligi, turizm hamda ishlab chiqarish sohalarida daromadlar o‘sishiga bo‘lgan ishonch mustahkamlandi. Mutaxassislar buni xizmatlar bozoridagi barqaror talab, turizm salohiyatining kengayishi va iqtisodiy faollikning oshishi bilan izohlamoqda.
Bank-moliya, axborot texnologiyalari, ommaviy axborot vositalari hamda tibbiyot sohalarida daromadlar o‘sishi bo‘yicha kutilmalar esa nisbatan barqaror va mo‘tadil darajada saqlanib qolmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ