Global IT’ga qanday kirish mumkin: Yandex, NVIDIA va Dropbox’da ishlayotgan o‘zbekistonliklar tajribasi

Global texnologiyalar bozoriga chiqishga yordam beradigan karyera imkoniyatlari, talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalar va muhim qarorlar haqidagi uch hikoya

Global IT’ga qanday kirish mumkin: Yandex, NVIDIA va Dropbox’da ishlayotgan o‘zbekistonliklar tajribasi

Bugun o‘zbekistonlik mutaxassislar Yandex kompaniyasining Alisa ovozli yordamchisini rivojlantirish ustida ishlamoqda, NVIDIA’da avtonom transport vositalarini o‘qitish uchun mo‘ljallangan vositalarni yaratmoqda va Dropbox’dagi faoliyatidan so‘ng sun’iy intellektga asoslangan o‘z loyihalarini ishga tushirmoqda. Ularning hikoyalari shuni ko‘rsatadiki, global IT sohasidagi muvaffaqiyatli karyera O‘zbekistondan boshlanishi mumkin, uning keyingi rivoji esa, avvalo, mutaxassisning bilim va ko‘nikmalari, tajribasi hamda doimiy o‘rganishga bo‘lgan intilishiga bog‘liq.

Shu bilan birga, global IT’ga olib boradigan yagona yo‘l mavjud emas. Ular bu natijalarga turli qiyinchiliklar orqali erishgan. Kimdir universitetda o‘qib yurgan paytidayoq ish taklifini oladi, kimdir yillar davomida tor yo‘nalishdagi texnik ekspertizasini shakllantiradi, yana kimdir xalqaro korporatsiyadagi muvaffaqiyatli faoliyatidan so‘ng tavakkal qilib, o‘z biznesini boshlashga qaror qiladi.

Kapital.uz bugun dunyoning eng yirik texnologik kompaniyalarida ishlayotgan yoki ishlagan uch nafar o‘zbekistonlik mutaxassis bilan suhbatlashdi. Ular suhbat jarayoni, xatolar, karyeradagi muhim qarorlar va global mehnat bozorida haqiqatan ham talab qilinadigan ko‘nikmalar haqida so‘zlab berishdi.

Talabalikdan Alisa jamoasigacha

Ulug‘bek Sharipovning hikoyasi yirik kompaniyalarga ishga joylashishning odatiy ssenariylaridan ancha farq qiladi. U o‘nlab rezyumelar yubormagan va uzoq vaqt ish qidirmagan. Bundan tashqari, ish taklifini olgan paytda hali universitetdagi tahsilini davom ettirayotgan edi.

Bugun Ulug‘bek Yandex’ning ovozli yordamchisi — Alisa’ning xalqaro jamoasida QA Engineer sifatida faoliyat yuritadi. Uning vazifalariga mahsulotni turli platformalarda testdan o‘tkazish, relizlar oldidan yangi funksiyalarni tekshirish, test hujjatlarini yuritish, reliz jarayonlarida qatnashish va xatolarni tahlil qilish kiradi.

Ishonish qiyin bo‘lgan Telegram xabari

Ulug‘bekning Yandex bilan tanishuvi kutilmaganda boshlangan.

U vakansiyaga mustaqil ravishda murojaat qilmagan. Kompaniya rekruterlari uning hh.ru’dagi profilini topib, o‘zlari bog‘lanishgan.

“Ular hh.ru’dagi profilimni ko‘rib, Telegram orqali yozishdi. Avvaliga bu xabar menga shubhali tuyuldi, chunki bunga ishonish qiyin edi. Keyin esa barcha intervyu bosqichlaridan o‘tdim va ko‘chib bordim”, — deydi u.

Bu tajriba uning professional profil va ish qidirishga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirgan.

“Bundan chiqargan xulosam shuki: profilingizni doimo ochiq holda saqlash kerak.”

O‘zbek tilidagi noodatiy intervyu

Saralash jarayonining eng esda qolarli bosqichlaridan biri o‘zbek tilini bilish bo‘yicha intervyu bo‘lgan.

Mutaxassisning aytishicha, kompaniyaga nafaqat texnik jihatdan kuchli xodim, balki o‘zbek tilini erkin biladigan va xalqaro jamoada ishlashga tayyor mutaxassis ham kerak bo‘lgan.

Biroq asosiy mezon baribir professional salohiyat bo‘lib qolgan.

“Texnik intervyularda faqat nazariyani bilishning o‘zi yetarli emas. Ular insonning qanday fikrlashi va o‘z mulohazalarini qanday izohlashiga ham qarashadi.”

Ulug‘bekning fikricha, aynan shu jihat ko‘pincha intervyularda hal qiluvchi omilga aylanadi.

Taklif olishga nima yordam berdi?

Ishga qabul qilinishida muhim rol o‘ynagan ko‘nikmalar sifatida u testlash bo‘yicha mustahkam bilim, mantiqiy fikrlash, kommunikatsiya va ustuvor vazifalarni to‘g‘ri belgilash qobiliyatini sanab o‘tadi.

QA muhandisi faoliyati ishlab chiquvchilar, analitiklar va mahsulot menejerlari bilan doimiy muloqotni talab qiladi. Shu sababli faqat texnik bilimlarning o‘zi kifoya qilmaydi.

Ta’limning ahamiyati haqida gapirar ekan, Ulug‘bek diplom foydali jihat ekanini tan oladi, biroq uni hal qiluvchi omil deb hisoblamaydi.

“Diplom — bu qo‘shimcha afzallik. Ammo hozircha menga kerak bo‘lgani yo‘q. Menimcha, haqiqiy loyihalar va tajriba ancha muhim.”

Uning so‘zlariga ko‘ra, diplom ko‘proq xalqaro kompaniyalarda yoki mas’uliyat darajasi yuqori bo‘lgan lavozimlarda ahamiyat kasb etadi.

Yirik kompaniyada ishlash nimalarni beradi

Ulug‘bek Yandex’dagi ishning afzalliklari qatorida nafaqat mahalliy bozor takliflariga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘lgan maoshni tilga oladi.

U uchun bundan ham muhimrog‘i — har kuni kuchli mutaxassislar bilan birga ishlash va real vazifalar orqali o‘rganish imkoniyatidir.

“Juda kuchli jamoa. Har kuni amaliyotda yangi narsalarni o‘rganasiz. Murakkab vazifalar, sog‘lom fikr-mulohaza madaniyati va ishdagi moslashuvchanlik mavjud.”

Kompaniyaning korporativ madaniyatini ham alohida ta’kidlaydi.

“Har doim rahbaringizning oldiga kirib, sizni qiziqtirayotgan masalalarni muhokama qilishingiz mumkin.”

Afsuslanadigan xatosi

Ulug‘bek karyerasining boshidagi eng katta xato sifatida ish faoliyatini juda kech boshlaganini aytadi.

“Stajirovkani faqat ikkinchi kursda boshlaganman. Aslida esa bundan ham oldin boshlashim kerak edi. Hozir ehtimol bir pog‘ona yuqoriroq bo‘lardim.”

O‘zbekistonda mutaxassislar tayyorlash tizimi haqida gapirar ekan, u asosiy muammo amaliyot yetishmasligi ekanini ta’kidlaydi.

“Amalda juda ko‘p mayda detallar va jarayonlar bor, ular haqida esa kam gapiriladi.”

Xalqaro kompaniyaga kirishni istaganlarga u avvalo Middle darajasida o‘zini erkin his qilishni, turli loyihalarda ishlashni va shundan keyingina intervyularga faol tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qiladi.

Xorijda ishlash tajribasiga qaramay, u o‘z kelajagini ko‘p jihatdan O‘zbekiston bilan bog‘laydi.

“Eng katta orzum — O‘zbekistonda turib masofaviy yoki gibrid formatda ishlash. Shu bilan birga ko‘p sayohat qilish.”

Namangandan NVIDIA’gacha

Hozirgi vaqtda NVIDIA global miqyosda yetakchi kompaniya hisoblanadi. Uning bu mavqeyi sunʼiy intellekt hamda zamonamizning eng talabgir texnologik yechimlari bilan bevosita bogʻliq.

Biroq Muhridin Ibragimovning kompaniyaga olib kelgan yo‘li AI atrofidagi bugungi shov-shuvlardan ancha oldin boshlangan — avval Namanganda, keyin Toshkentda va Janubiy Koreyada.

U oliy ta’limni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida olgan, so‘ng Seuldagi Kukmin universitetida magistratura bosqichida tahsilni davom ettirgan.

O‘qish davrida robototexnika va suv osti kommunikatsiya tizimlari bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan, keyinchalik esa kompyuter grafikasi va interaktiv texnologiyalar yo‘nalishiga qiziqish bildirgan.

NVIDIA’ga o‘tishidan oldin u bir necha yil Janubiy Koreyaning 3i Inc. kompaniyasida faoliyat yuritib, AR/VR platformalari, digital twins va uch o‘lchamli vizualizatsiya yechimlarini yaratish loyihalarida ishtirok etgan.

Aynan shu yerda u WebGL, Three.js va TypeScript bo‘yicha chuqur ekspertizaga ega bo‘lgan.

NVIDIA muhandisi nima bilan shug‘ullanadi

Muhridin 2021-yildan buyon NVIDIA’ning avtomobil texnologiyalari bo‘limida Senior Software Engineer lavozimida ishlaydi.

Uning jamoasi haydovchisiz (self-driving) avtomobillar uchun 3D vizualizatsiya va ma’lumotlarni belgilash (annotation) vositalarini yarataman va ularning tezligini optimallashtish bilan shug‘ullanadi.

“Men self-driving avtomobillar uchun 3D-vizualizatsiya va ma’lumotlarni annotatsiya qilish vositalarini yarataman. Biz ishlab chiqayotgan dasturlar brauzerda millionlab LiDAR nuqtalari va 3D-kameralardan olingan ma’lumotlarni hech qanday qotishlar va unumdorlik yo‘qotishlarisiz ko‘rsatish imkonini beradi.”

Bu qisqa ta’rif ortida ulkan muhandislik ishlari turadi.

Avtonom avtomobillarni o‘qitishda juda katta hajmdagi ma’lumotlar ishlatiladi va har qanday optimallashtirish butun tizimning ishlash tezligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Bugungi kunda mutaxassis Seulda yashaydi va asosan masofadan turib ishlaydi, ofisga esa taxminan haftasiga bir marta boradi.

NVIDIA’ga qanday kirish mumkin

Ko‘plab mutaxassislardan farqli ravishda, Muhriddinning yo‘li rekruterlarning murojaatidan emas, balki LinkedIn’dagi oddiy vakansiyadan boshlangan.

“Tajribamga juda mos keladigan vakansiyani ko‘rdim, rezyumeni yubordim va kutishni boshladim.”

Javob bir necha oy o‘tib kelgan.

HR bilan bog‘lanilgach, ko‘p bosqichli intervyu jarayoni boshlangan.

Saralashning eng murakkab qismi tizimli loyihalash (system design) va katta hajmdagi uch o‘lchamli ma’lumotlar bilan ishlashga oid savollar bo‘lgan.

“Mendan LiDAR, 3D-kameralar, algoritmlar va tizimlar arxitekturasi haqida batafsil so‘rashdi. Faqatgina yechim taklif qilish emas, balki nima uchun aynan shu yechim to‘g‘ri ekanini ham tushuntirish kerak edi.”


Taklif olishga nima yordam berdi?

Muhandisning so‘zlariga ko‘ra, hal qiluvchi omil bilimlarning kengligi emas, balki ekspertizaning chuqurligi bo‘lgan.

“3D-grafika, WebGL, Three.js, TypeScript va kompyuter grafikasi bo‘yicha fundamental bilimlar mening asosiy ustunligimga aylandi.”

Yana bir muhim omil open-source loyihalar bo‘lgan.

“Ochiq kodli loyihalarga qo‘shgan hissam rezyume ko‘rib chiqilishining dastlabki bosqichidayoq ajralib turishimga yordam berdi.”

Nega fundamental bilimlar trenddagi texnologiyalardan muhimroq

Diplom muhimmi yoki haqiqiy loyihalarmi, degan savolga Muhriddin aniq javob beradi.

“Haqiqiy loyihalar ancha muhim. Diplom intervyugacha yetib borishga yordam berishi mumkin, ayniqsa viza masalalarida. Lekin intervyudan muvaffaqiyatli o‘tishga aynan amaliy ko‘nikmalar va tajriba yordam beradi.”

Uning fikricha, mutaxassislar tayyorlash darajasi bilan xalqaro kompaniyalar talablari o‘rtasidagi tafovutning asosiy sabablaridan biri fundamental bilimlarning yetishmasligidir.

Karyerasidagi yana bir muhim saboq esa kommunikatsiyaning ahamiyatini anglash bo‘lgan.

“Karyeram boshida ishning texnik tomoniga haddan tashqari e’tibor qaratardim va muloqotga yetarlicha ahamiyat bermasdim. Vaqt o‘tishi bilan tushundimki, yirik loyihalarda soft skills muhandislik ko‘nikmalaridan kam ahamiyatga ega emas.”

IT karyerasi haqidagi eng katta mif

Mutaxassis IT sohasida keng tarqalgan ayrim stereotiplar ham haqiqatga mos kelmasligini ta’kidladi.

“Yaxshi dasturchi hamma narsani yoddan bilishi kerak” degan gap mif. Aslida eng kuchli muhandislar ham har kuni Google’dan qidirishadi yoki hujjatlarni o’qishadi. Muhimi kodni yodlash emas, muammoning tub mohiyatini tushunish va tizimli fikrlash.

O‘zbekiston IT-bozori haqida

Xorijda ishlashiga qaramay, Muhriddin O‘zbekistondagi IT-industriya rivojini diqqat bilan kuzatib boradi.

“So‘nggi yillarda rivojlanish juda tez sur’atlarda ketmoqda. Ko‘plab startaplar, ta’lim tashabbuslari va mentorlik dasturlari paydo bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik dasturchilarning salohiyati juda yuqori.”

Kelajakda u to‘plagan tajribasi bilan mentorlik va konsalting orqali bo‘lishishni istaydi.

Xalqaro IT kompaniyasiga kirishni istaganlarga maslahat

Xalqaro kompaniyalarda ishlashni maqsad qilganlar uchun eng muhim qadamlar haqida gapirar ekan, u avvalo ingliz tilini professional darajaga olib chiqish kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, ma’lumotlar tuzilmasi (Data Structures), algoritmlar va tizim dizayni (System Design) asoslarini chuqur o’rganish muhimligini qayd etdi. Uning fikricha, bu bilimlar yirik texnologik kompaniyalardagi texnik suhbatlarning asosini tashkil qiladi.

Bundan tashqari, faqat kurslarni tamomlash bilan cheklanib qolmaslik kerak. Mutaxassis odamlarga real foyda keltiradigan loyihalar yaratish yoki open-source tashabbuslarda ishtirok etish tajriba to’plash va kuchli portfolio shakllantirishga yordam berishini aytdi.

Olmaliqdan Dropbox’gacha

Otabek Nurmuhammad 25 yoshida ko‘pchilik uchun o‘nlab yillar talab qiladigan yo‘lni bosib o‘tishga ulgurdi.

U Osiyoning eng kuchli universitetlaridan birida tahsil oldi, xalqaro texnologik kompaniyalarda ishladi, Dropbox’da tajriba orttirdi, ta’lim loyihalarini yaratishda ishtirok etdi va oxir-oqibat korporativ karyeradan voz kechib, o‘z startapini yo‘lga qo‘yishga qaror qildi.

U o‘z akademik faoliyatini Xitoy va dunyoning yetakchi oliygohlaridan biri bo‘lgan Shanghai Jiao Tong University’da boshlagan.

Keyinchalik ta’lim yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qilib, Polshadagi University of Lodz’da bakalavriatni boshidan boshlagan.

Shu vaqt davomida u EPAM, Mobal.io va Dropbox kompaniyalarida ishlashga, shuningdek U-EDU va 42.uz loyihalarining hammuassisi bo‘lishga ham ulgurdi.

Bugungi kunda uning asosiy e’tibori AI-agentlar uchun infratuzilma yaratishga qaratilgan.

“Biz AI-agentlarni arzonroq va deyarli cheklanmagan miqyosda ishga tushirish imkonini beradigan infratuzilma yaratmoqdamiz. Biz bir vaqtning o‘zida ham agentlar muammosini, ham hisoblash resurslari muammosini hal qilishga harakat qilyapmiz.”

Dropbox unga nimani o‘rgatdi

Dropbox’da Otabek dastlab Senior Software Engineer, keyinchalik esa Staff Engineer lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Uning loyihalarining asosiy qismi kompyuter tarmoqlari, operatsion tizimlar, ma’lumotlar markazlari va backend dasturlash bilan bog‘liq bo‘lgan.

Ammo u eng qimmatli tajriba sifatida dunyo darajasidagi muhandislar bilan ishlash imkoniyatini ko‘rsatadi.

“Men kompaniyada 13 yil ishlagan inson bilan birga ishlaganman. Uning tajribasining hatto kichik bir qismini olishning o‘zi ham juda katta qiymat edi.”

Keyinchalik bu muhandis kompaniyani tark etgan.

“U ketganidan keyin mas’uliyatning bir qismi menga o‘tdi. Bu mening professional o‘sishimdagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.”

Vaqt o‘tishi bilan uning vazifalari qatoriga infratuzilma loyihalari, sun’iy intellekt va jamoalarni boshqarish masalalari ham kirgan.

Nega Google, Meta va Dropbox o‘zlari unga murojaat qilgan

Otabekning ish qidirish haqidagi eng qiziqarli fikrlaridan biri shundan iboratki, uning karyerasidagi aksariyat ish takliflari vakansiyalarga murojaat qilish natijasida emas, balki kompaniyalarning o‘zi tashabbus ko‘rsatishi orqali yuzaga kelgan.

“Men o‘zim ariza yuborgan paytlarimda ko‘pincha rad javobini olardim. Ba’zan hatto intervyuga ham taklif qilishmasdi.”

Ammo kompaniyalarning o‘zi boshlagan jarayonlar butunlay boshqacha kechgan.

“Amalda barcha muvaffaqiyatli jarayonlarim kompaniya rekruterlari birinchi bo‘lib bog‘langan paytlarda bo‘lgan.”

Uning aytishicha, turli davrlarda Google, Meta, Dropbox, xAI va boshqa kompaniyalar uning nomzodiga qiziqish bildirgan, ammo Otabek barchasiga rad javobini bergan.

Nega u ketishga qaror qildi

Muvaffaqiyatli karyerasiga qaramay, Otabek yirik kompaniyadagi barqaror ishini tark etishga qaror qilgan.

Bunga asosiy sabab o‘z mahsulotlarini yaratish va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanish orzusi bo‘lgan.

“Men bu qaror ustida juda uzoq o‘yladim. Oilam bilan muhokama qildim. Bunga ko‘p vaqt ketdi.”

Shunga qaramay, o‘z kuchini sinab ko‘rish istagi ustun kelgan.

“Eng yaxshi holatda bu boshqalarga ham, menga ham foyda keltiradi. Eng yomon holatda esa tajriba qoladi. Tajriba esa har qanday holatda ham natijadir.”

Qo‘rquv — karyeradagi eng katta xato

Otabek karyerasining boshidagi eng katta xato sifatida qo‘rquvni ko‘rsatadi.

“Men intervyudan o‘ta olmaslikdan qo‘rqardim va shu sababli uzoq vaqt davomida qiziqtirgan kompaniyalarimga umuman murojaat qilmaganman.”

Vaqt o‘tishi bilan u intervyudan muvaffaqiyatli o‘tishni o‘rganishning yagona yo‘li muntazam ravishda intervyularda qatnashish ekanini tushungan.

“Suzishni o‘rganish uchun suzish kerak. Intervyudan o‘tishni o‘rganish uchun esa intervyularga borish kerak.”

Shu sababli uning yangi boshlayotgan mutaxassislarga asosiy tavsiyasi juda oddiy.

“Ko‘proq intervyular. Ko‘proq masalalar. Ko‘proq xatolar. Chunki har bir xatoning ichida yashirin saboq bor. Agar shu saboqni topishni o‘rgansangiz, rivojlanish deyarli hech qachon to‘xtamaydi.”

O‘zbekiston IT-bozori haqida

Otabek O‘zbekiston IT-bozorini juda ijobiy baholaydi.

“Bizda allaqachon juda kuchli mutaxassislar bor. Yaxshi o‘rta darajadagi muhandislar bor. Juda ko‘p iste’dodli yangi avlod vakillari bor. Keyingi qadam — professionallar sonini ko‘paytirish.”

Uning fikricha, sohaning rivojlanishiga kuchli loyihalar, tadqiqotlar va xatolarga nisbatan xotirjamroq munosabat yordam beradi.

“Hatto dunyoning eng yirik kompaniyalari ham xato qiladi. Xato qilish — normal holat. Muammo xatodan xulosa chiqarmaslikda.”

Uchala hikoyani nima birlashtiradi

Ulug‘bek Sharipov, Muhriddin Ibragimov va Otabek Nurmuhammad global IT’ga turli yo‘llar orqali kirib kelgan.

Ulardan biri universitetni bitirmasidan turib ish taklifini olgan. Ikkinchisi chuqur texnik ixtisoslashuvga tayanib, NVIDIA’ga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Uchinchisi esa Dropbox’dagi muhandislik faoliyatidan o‘z AI-startapini yaratishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.

Biroq ularning uchala hikoyasida ham umumiy qonuniyatlar ko‘zga tashlanadi.

Qahramonlarning hech biri diplomni muvaffaqiyatning asosiy omili deb hisoblamaydi. Ularning barchasi amaliyot, real loyihalar va uzluksiz o‘rganish muhimligini ta’kidlaydi.

Ularning barchasi intervyular, kommunikatsiya va komfort zonasidan chiqishga tayyor bo‘lishning ahamiyati haqida gapiradi.

Va, ehtimol, eng muhim xulosa shuki, global IT’ga olib boradigan yo‘l universitetning mashhur nomi yoki rezyumedagi kompaniya nomidan emas, balki doimiy ravishda o‘rganishga, yangi narsalarni sinab ko‘rishga va paydo bo‘layotgan imkoniyatlardan foydalanishga tayyorlikdan boshlanadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda influens-marketing bozori qanday o‘zgaryapti
/
O‘zbekistonda influens-marketing bozori qanday o‘zgaryapti
1-iyuldan sinov tariqasida maqsadli ipoteka omonati mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi
/
1-iyuldan sinov tariqasida maqsadli ipoteka omonati mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi
Yangi bozorlarga chiqishda moliyani qanday boshqarish kerak
/
Yangi bozorlarga chiqishda moliyani qanday boshqarish kerak