Aloqa kelajagi: eSIM qanday imkoniyatlar beradi

Foydalanuvchilar duch kelishi mumkin bo‘lgan cheklovlar va afzalliklari to‘g‘risida batafsil 

Aloqa kelajagi: eSIM qanday imkoniyatlar beradi

eSIM (embedded SIM) — bu qurilmaga o‘rnatilgan SIM-karta bo‘lib, o‘zidan 5×6 mm o‘lchamdagi mikrosxemani tashkil etadi, qurilmaga ishlab chiqarish jarayonida o‘rnatiladi, shuning uchun uni yo‘qotish yoki shikastlash mumkin emas. U jismoniy SIM-kartasiz mobil tarmoqlarga ulanish imkonini beradi.

eSIMning afzalliklari va imkoniyatlari

eSIM an’anaviy SIM-kartalarga nisbatan bir qancha imkoniyatlar va afzalliklarni taqdim etadi. Ular quyidagilardan iborat:

  1. Ulanish qulayligi
  • Qurilmaga jismoniy SIM-kartani o‘rnatish zarurati yo‘q. eSIM sozlamalari to‘liq raqamli formatda amalga oshiriladi.
  • Yangi operatorlarni osonlikcha ulash yoki tarif rejasini qurilma sozlamalari orqali o‘zgartirish mumkin.
  1. Bir nechta operatorlarni qo‘llab-quvvatlash
  • eSIM ichiga bir nechta operator profillarini yozish mumkin. Bu sayohatlar, turli mamlakatlarda ishlash yoki bir necha tariflardan foydalanish uchun juda qulay.
  1. Vaqtni tejash
  • Sayohatlar davomida mahalliy operatorlarga darhol ulanish mumkin, ofislarga borish yoki an’anaviy SIM-karta xarid qilish zarurati yo‘q.
  1. Sim karta joyi kam bo‘lgan qurilmalar uchun qulay
  • eSIM qurilmada kamroq joyni egallaydi, bu esa ishlab chiqaruvchilarga kichikroq qurilmalar yaratish yoki bo‘sh joydan boshqa komponentlar uchun foydalanish imkonini beradi.
  1. Yuqori xavfsizlik
  • eSIM yo‘qolishi yoki o‘g‘irlanishi ancha qiyin, chunki u qurilmaga o‘rnatilgan. Qurilmani yo‘qotgan holatda eSIM’ni sug‘urib olib foydalanish imkoni mavjud emas.
  1. Sayohatchilardagi qulaylik
  • Tashrif buyuradigan davlatda mahalliy tariflarni oson ulash mumkin, bu esa rouming xarajatlarini tejaydi.
  • Xalqaro aloqa uchun mos va tejamkor tariflarni taklif qiluvchi global eSIM-provayderlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
  1. Tabiat uchun zararsiz
  • eSIM-kartalarni ishlab chiqarish zarurati yo‘qligi tufayli plastik iste’moli kamayadi, bu esa ekologiyaga foydali.
  1. Bir nechta qurilmalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati
  • eSIM nafaqat smartfonlarda, balki smart-soatlar, planshetlar, noutbuklar va hatto ba’zi avtomobillarda ham ishlatiladi.
  1. Masofaviy boshqaruv
  • Operatorlar eSIM sozlamalarini va xizmatlarni masofadan boshqarishi mumkin.

Foydalanuvchilar duch kelishi mumkin bo‘lgan cheklovlar

eSIM texnologiyasi O‘zbekistonda bir qator afzalliklarga ega bo‘lsa-da, foydalanuvchilar quyidagi cheklovlarga duch kelishlari mumkin:

  1. Hamma smartfon va gadjetlar eSIM’ni qo‘llab-quvvatlamaydi. Faqat zamonaviy modellarda ushbu texnologiya mavjud bo‘lib, bu eski qurilma egalari uchun foydalanishni cheklaydi. 
  2. eSIM o‘rnatilgan qurilma shikastlanganda yoki buzilganda, raqamni boshqa qurilmaga o‘tkazish qiyin bo‘lishi mumkin va profilni ko‘chirish uchun operatorga murojaat qilish talab etiladi.
  3. O‘zbekistonda mavjud xalqaro eSIM-provayderlari faqat mobil internetga ulanishni taqdim etadi, ovozli qo‘ng‘iroqlarni esa qabul qilmaydi. To‘liq ovozli xizmatlardan foydalanish uchun mahalliy aloqa operatorlaridan eSIM sotib olish tavsiya qilinadi.
  4. O‘zbekistonda UZIMEI mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi mavjud. eSIM to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu tizim bilan bog‘liq bo‘lmasa-da, foydalanuvchilar, ayniqsa, chet elda sotib olingan qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin.
  5. O‘zbekistondagi barcha mobil operatorlar eSIM’ni to‘liq qo‘llab-quvvatlamaydi, bu foydalanuvchilar uchun tarif rejalari va xizmatlar tanlovini cheklashi mumkin.

eSIM’ga o‘tishdan oldin, ushbu omillarni diqqat bilan ko‘rib chiqish, aniq ma’lumot va tavsiyalar olish uchun mobil operatoringiz bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.

O‘zbekistonda eSIM’ni qanday ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin?

  1. Qurilmangiz eSIM texnologiyasini mos kelishiga ishonch hosil qiling.
  2. eSIM sim-karta oling: Tanlangan kompaniyangizning  operatoriga murojaat qilib, odatda QR-kod shaklida beriladigan eSIM profilini oling.
  3. eSIM profilini o‘rnating:

“iPhone” uchun:

  • “Sozlamalar” > “Uyali aloqa” > “Uyali tarif qo‘shish” bo‘limiga o‘ting.
  • Berilgan QR-kodni skaner qiling.
  • Faollashtirish uchun ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qiling.

“Android” uchun:

  • “Sozlamalar” > “Tarmoq va internet” > “Mobil tarmoq” > “Operator qo‘shish” bo‘limiga o‘ting.
  • QR-kodni skaner qiling yoki ma’lumotlarni qo‘lda kiriting.
  • O‘rnatishni yakunlash uchun ko‘rsatmalarga amal qiling.
  1. Tarifni faollashtiring: eSIM profilini o‘rnatgandan so‘ng, operatoringizda mos tarif rejasini tanlang yoki sozlang.
  2. Ulanishni tekshiring: Qurilmangiz tarmoqqa ulanganligiga va aloqa xizmatlari to‘g‘ri ishlayotganligiga ishonch hosil qiling.

Jarayon qurilma va operatorga qarab biroz farq qilishi mumkin. Batafsil ma’lumot olish uchun operatoringizning ko‘rsatmalarini o‘rganish tavsiya etiladi.

O‘zbekistonda eSIM xizmatlarini taqdim etadigan operatorlar 

eSIM xizmatlarini quyidagi operatorlar taqdim etadi:

Beeline Uzbekistan 

“Beeline Uzbekistan” mijozlari eSIM kartalarini masofadan turib ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin. Arizalarni nomer.beeline.uz saytida qabul qilishadi.

Mobiuz

“Mobiuz” o‘z ofislarida eSIM xizmatlarini taqdim etadi. Yangi abonentlar va majud mijozlar eSIMga o‘tishlari mumkin.

Humans

“Humans” mijozlari eSIM’ni asosiy yoki qo‘shimcha raqam

sifatida ulashlari mumkin.  

UzMobile 

“UzMobile” eSIM texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan qurilmaga ega bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlarini taqdim etadi.

OQ

“OQ” mijozlari eSIM kartalarini masofadan turib ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.

Ucell 

“Ucell” eSIM xizmatlarini taqdim etadi. Yangi abonentlar va mavjud mijozlarga xizmat ko’rsatadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Kontrakt.edu.uz’dan qanday shartnoma olish mumkin
/
Kontrakt.edu.uz’dan qanday shartnoma olish mumkin
O‘zbekistonda qanday qilib franshiza ochish mumkin
/
O‘zbekistonda qanday qilib franshiza ochish mumkin
O’zbekistonda ism va familiyani o’zgartirish tartibi
/
O’zbekistonda ism va familiyani o’zgartirish tartibi