O‘zbekistonda iqtisodiyotning o‘sish sur’atini 9–10% ga yetkazish rejalashtirilmoqda

2026-yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8,5% ga o‘sdi

O‘zbekistonda iqtisodiyotning o‘sish sur’atini 9–10% ga yetkazish rejalashtirilmoqda

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YIM) 8,5% ga o‘sdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni birinchi yarim yillik yakunlari va yil oxirigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Prezident ta’kidlashicha, 40 mln aholining turmush darajasini sezilarli yaxshilash uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlarini 9–10% ga yetkazish zarur.

Davlat rahbari keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, olti oy yakunida sanoat 8% ga, xizmatlar sohasi 16,9% ga, qurilish 13,8% ga, qishloq xo‘jaligi esa 4,7% ga o‘sgan.

Hisobot davrida investitsiyalar hajmi $28 mlrdga, eksport esa $14,4 mlrdga yetdi. Shuningdek, Prezident Fitch va Moody’s agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga oshirganini qayd etdi.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev hududlar va tarmoqlar rahbarlari faqat bajarilgan ishlar haqida hisobot berish bilan cheklanmasligi kerakligini ta’kidladi. Ular yil yakunigacha qanday qo‘shimcha zaxiralarni ishga solishi, qanday natijalarga erishishi va buning mexanizmlarini aniq ko‘rsatishi lozimligi qayd etildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, global vaziyat o‘zgarib borayotgan sharoitda har bir vazir va hokim qo‘shimcha rivojlanish ssenariylari ustida ishlashi zarur.

Videoselektorda hududlar va tarmoqlarda yarim yillik rejalar ijrosi ham tanqidiy tahlil qilindi. Ayrim viloyatlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish hamda investitsiyalar bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmagani qayd etildi.

Davlat rahbari global beqarorlik sharoitida hududlar, tuman va shaharlarga tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash uchun ko‘proq mablag‘ ajratilayotganini eslatdi.

Shu bilan birga, Prezident, agar vazir yoki hokim faoliyati aholi turmush darajasi va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlarda o‘z aksini topmasa, erishilgan natijalar shunchaki “qog‘ozdagi raqam” bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev oylik, choraklik yoki yillik rejalarni bajarmagan vazirlar, hokimlar va tarmoq rahbarlari bunday sharoitda o‘z lavozimida xotirjam ishlay olmasligini ham qayd etdi.

Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha prognozni yaxshilab, 2026-yil yakunida iqtisodiy o‘sish 6,6% o‘rniga 8,1% ni tashkil etishini kutayotganini ma’lum qilgandi. Vazirlik prognoziga ko‘ra, yil yakunida YIM hajmi qariyb $180 mlrdga, inflyatsiya 6,5% atrofida shakllanadi. Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari prognozi 14,3% ga, xarajatlar esa 12,5% ga oshirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Prezident banklar va mahallalar faoliyatini uch oylik sinovdan o‘tkazishni topshirdi
/
Prezident banklar va mahallalar faoliyatini uch oylik sinovdan o‘tkazishni topshirdi
Prezident: Uzbekistan Airways parvozlar jadvali va raqobat muammolari sabab $120 mln daromad yo‘qotmoqda
/
Prezident: Uzbekistan Airways parvozlar jadvali va raqobat muammolari sabab $120 mln daromad yo‘qotmoqda
Toshkent–Xiva yo‘nalishida ikkinchi Hyundai Rotem tezyurar poyezdi qatnay boshlaydi
/
Toshkent–Xiva yo‘nalishida ikkinchi Hyundai Rotem tezyurar poyezdi qatnay boshlaydi