Prezident banklar va mahallalar faoliyatini uch oylik sinovdan o‘tkazishni topshirdi
Shuningdek, soliq tushumlari bo‘yicha rejani bajarmagan Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida banklarning mahallalardagi faoliyatini keskin tanqid qildi. Davlat rahbari Markaziy bankning hududiy boshqarmalari rahbarlari hamda davlat banklari filiallari boshliqlari ishidan mutlaqo norozi ekanini bildirdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, viloyat va tuman banklari, shuningdek, mahalla uyushmalari uchun joriy yil sinov va amaliy attestatsiya yili bo‘ladi. Keyingi uch oy ichida aniq natija ko‘rsatgan rahbarlar o‘z lavozimida qoladi, faoliyatida o‘zgarish qilmaganlar esa lavozimidan ozod etiladi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Bosh prokuratura va Hisob palatasi har bir mahallada amalga oshirilayotgan ishlar hamda o‘zgarishlarni nazorat qiladi.
Videoselektorda mahallalarda ozodalik, yashash madaniyati va hovli uylar bilan ishlash masalalari ham muhokama qilindi. Hovli uylarni ham boshqaruv kompaniyalari faoliyati bilan qamrab olish muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda soliq tushumlari bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ham tanqid qilindi. Ma’lum qilinishicha, yil boshidan buyon soliq tushumlari 27% ga oshib, 130 trln so‘mdan ortgan.
Shu bilan birga, qo‘shimcha soliq tushumlari bo‘yicha yillik reja atigi 40% ga bajarilib, 12 trln so‘mni tashkil etgan. Prezident viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari korxonalar bilan yetarli darajada ishlamayotganini qayd etdi.
Misol tariqasida Buxoro viloyatida yillik aylanmasi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan 162 ta korxona ketma-ket uch yil zarar bilan ishlagani va shu sababli bir so‘m ham foyda solig‘i to‘lamagani aytildi.
Bundan tashqari, 1,5 mingta korxona qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lamasdan, faqat QQSni chegirib kelayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Prezident 1-iyuldan boshlab 498 ta yirik soliq to‘lovchi korxona bo‘yicha soliq undirish vakolati viloyatlarga o‘tkazilganini eslatib, endi birorta bahonaga o‘rin qolmaganini ta’kidladi.
Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda hududiy soliq organlari rahbarlariga mazkur korxonalar bilan tizimli ishlash, soliqlarni to‘liq undirish va qo‘shimcha tushumlar bo‘yicha belgilangan rejalarni bajarish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ