Prezident: Uzbekistan Airways parvozlar jadvali va raqobat muammolari sabab $120 mln daromad yo‘qotmoqda

Davlat rahbari mamlakatdagi strategik korxonalarda ishlab chiqarish xarajatlari oshib borayotganini tanqid qildi

Prezident: Uzbekistan Airways parvozlar jadvali va raqobat muammolari sabab $120 mln daromad yo‘qotmoqda

Shavkat Mirziyoyev parvozlar jadvalidagi muammolar hamda havo kemalariga xizmat ko‘rsatish sohasida raqobatning yo‘qligi sabab Uzbekistan Airways yiliga qariyb $120 mln daromad yo‘qotayotganini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

21-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat sektorida xarajatlarning ortib borishi muhokama qilindi. Qayd etilishicha, avval xarajatlarni umumiy miqdorda foiz hisobida kamaytirishga asoslangan hisobot tizimi vaziyatni to‘liq aks ettirmagan. Mahsulot birligini ishlab chiqarish tannarxi tahlil qilingach, korxonalardagi haqiqiy holat yuzaga chiqqan.

Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida bir unsiya oltin ishlab chiqarish tannarxi 8,2% ga oshgan. Korxonaning umumiy xarajatlari esa bir yil davomida 6,2 trln so‘mga yoki 22% ga ko‘paygan.

O‘zbekiston metallurgiya kombinatida po‘lat sharlar ishlab chiqarish tannarxi 5,4% ga qimmatlashgan.

Shuningdek, “O‘zkimyosanoat” tizimida karbamid ishlab chiqarish xarajatlari 11,1%, ammiakli selitra ishlab chiqarish tannarxi esa 8,3% ga oshgan.

Xalqaro Franklin Templeton kompaniyasi IPOga tayyorlanayotgan 13 ta yirik davlat korxonasida audit o‘tkazgan.

Audit natijalariga ko‘ra, Uzbekistan Airways parvozlar jadvali yetarli darajada optimallashtirilmagani, reyslar orasidagi uzoq tanaffuslar, muntazam kechikishlar hamda bort oziq-ovqati va texnik xizmat ko‘rsatish segmentlarida bozor raqobati mavjud emasligi sabab yiliga qariyb $120 mln daromadni boy bermoqda.

Ekspertlar, shuningdek, bir qator davlat kompaniyalari kapitallashuvini oshirish imkoniyatlarini ham baholagan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi qiymatini ikki baravar, Uzbekistan Airwaysniki 40% ga, “O‘zbektelekom” niki esa 50% ga oshirish imkoniyati mavjud.

Avvalroq Franklin Templeton milliy aviatashuvchini transformatsiya qilish rejasini ishlab chiqqan edi. Unga ko‘ra, kompaniya qiymatini $1,6 mlrddan $2,3 mlrdgacha oshirish uchun samolyotlar parkini yangilash, sayyohlar oqimi ortib borayotgan sharoitda Toshkentni Markaziy Osiyoning asosiy tranzit xabiga aylantirish rejalashtirilgan.

Joriy yil oxirigacha kompaniya aksiyalarining 15–20% ini xalqaro IPO orqali joylashtirish ko‘zda tutilgan. Xorijiy kapital bozorlariga chiqish doirasida korporativ boshqaruv standartlarini takomillashtirish, yuqori kredit reytingini olish hamda eskirgan havo kemalarini hisobdan chiqarish rejalashtirilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda yo‘lovchilar uchun bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish soddalashtirilishi mumkin
/
O‘zbekistonda yo‘lovchilar uchun bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish soddalashtirilishi mumkin
Moskvada ishbilarmonlik turizmi bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkaziladi
/
Moskvada ishbilarmonlik turizmi bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkaziladi
O‘zbekistonda eksport yuk tashuvlariga talab 29% ga oshdi
/
O‘zbekistonda eksport yuk tashuvlariga talab 29% ga oshdi