Markaziy bank aholidan eng ko‘p shikoyat tushgan banklar reytingini e’lon qildi

BRB, Anor Bank va Mikrokreditbank 2026-yilning birinchi choragida mijozlar murojaatlari ulushi bo‘yicha antireytingda yetakchilik qildi

Markaziy bank aholidan eng ko‘p shikoyat tushgan banklar reytingini e’lon qildi

Markaziy bank 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha aholining eng ko‘p shikoyatlari qayd etilgan tijorat banklari ro‘yxatini e’lon qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, antireytingning birinchi uch pog‘onasini BRB (3,34), Anor Bank (3,29) va Mikrokreditbank (3,23) egalladi. Shuningdek, ro‘yxatdan AVO Bank (2,16), TBC Bank (2,06), Davr Bank (1,85), Tenge Bank (1,72), Asakabank (1,26), Turonbank (1,25) va Agrobank (1,22) ham o‘rin oldi.

Markaziy bankning qayd etishicha, murojaatlar ulushining yuqoriligi mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari haqida to‘liq ma’lumot berilmayotgani, so‘rovlarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmayotgani hamda tizimli muammolar sabab takroriy shikoyatlar yuzaga kelayotganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, to‘lovlarni amalga oshirish, kredit ajratish va masofaviy xizmatlar ko‘rsatishda kechikishlar ham salbiy murojaatlar sonining oshishiga ta’sir qilmoqda.

Regulyator mazkur banklar rahbariyatiga salbiy murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, takroriy noroziliklarga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish, xizmatlar sifatini yaxshilash hamda ichki nazorat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishni tavsiya qildi.

Markaziy bank ushbu indeks banklarning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchlilik darajasini aks ettirmasligini, u faqat shikoyatlar sonining mijozlar bazasiga nisbati asosida shakllantirilishini ta’kidladi. Reytingga hisobot davrida 100 tadan kam murojaat olgan banklar kiritilmagan.

Indeks maxsus metodologiya asosida hisoblanadi. Bunda bankning shikoyatlar bo‘yicha bozor ulushi uning mijozlar soni bo‘yicha bozor ulushiga bo‘linadi. Birinchi ko‘rsatkich muayyan bankka nisbatan kelib tushgan murojaatlarning barcha banklar bo‘yicha umumiy shikoyatlardagi ulushini, ikkinchi ko‘rsatkich esa bank mijozlari sonining mamlakatdagi jami bank xizmatlari iste’molchilari sonidagi ulushini ifodalaydi.

Avvalroq Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov kredit tashkilotlarini baholashning yangi tizimi joriy etilishi va aholiga xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha autsayderlar ommaga e’lon qilinishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, regulyator ijtimoiy tarmoqlarda murojaatlarni qabul qilish uchun qo‘shimcha platformalarni ishga tushirish hamda tijorat banklarini ularda bir soat ichida javob berishga majbur qilishni rejalashtirmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent metrosi Uklon’ning 20 dan ortiq reklama bannerini demontaj qildi
/
Toshkent metrosi Uklon’ning 20 dan ortiq reklama bannerini demontaj qildi
Nizomiy universitetining Chilonzordagi asosiy kampusi 886,6 mlrd so‘mga auksionga qo‘yildi
/
Nizomiy universitetining Chilonzordagi asosiy kampusi 886,6 mlrd so‘mga auksionga qo‘yildi
Eski avtomobilini utilizatsiyaga topshirmaganlar har yili BHMning 30 baravari miqdorida to‘lov qiladi
/
Eski avtomobilini utilizatsiyaga topshirmaganlar har yili BHMning 30 baravari miqdorida to‘lov qiladi