Biznes-ombudsman Caravan Group asoschisiga beriladigan 12,5 mlrd so‘mlik kompensatsiya bo‘yicha sud qaroriga shikoyat kiritadi
Caravan Group yer uchastkalari bilan bog‘liq ish Oliy sudda qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda
Фото: YouTube / Alter Ego
Prezident huzuridagi Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil — Biznes-ombudsman Caravan Group’ga tegishli ko‘chmas mulklarni olib qo‘yish bo‘yicha kompensatsiya to‘lash rad etilgan sud qaroridan shikoyat qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda idora matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, gap qiymati 12,5 mlrd so‘m bo‘lgan zararni kompaniya asoschisi Timur Musinga undirish masalasi haqida bormoqda. Ushbu ish bo‘yicha avvalgi sud majlislarida Biznes-ombudsman vakillari ham ishtirok etgan.
So‘nggi sud qarori bilan kompensatsiya undirish talabi rad etilgan. Shu sababli, hozirda idora yuristlari mazkur qarorni bekor qilish yuzasidan Oliy sudning taftish instansiyasiga murojaat tayyorlamoqda.
Bundan tashqari, Biznes-ombudsmanning kassatsiya protesti asosida Toshkent viloyati ma’muriy sudi Caravan Group’ga oid kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topish masalasi bo‘yicha ish yuritishni tugatdi. Hozirda esa hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha yangi shikoyat tayyorlanmoqda.
Idora rasmiy bayonotida tadbirkorning mulkiy huquqlarini himoya qilish bo‘yicha barcha bosqichlarda huquqiy yordam ko‘rsatish davom ettirilishi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Caravan Group asoschisi Toshkent shahri va viloyatidagi yirik obyektlarini — “Muzey plova”, Caravan restorani va Cinara’s dam olish majmuasini sotuvga qo‘ygan edi. U bu qarorini uzoq davom etayotgan sud jarayonlari va mulk huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq xatarlar bilan izohlagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ