BlackRock va Franklin Resources UzNIF qimmatli qog‘ozlariga $300 mln sarmoya kiritishi mumkin
Birlamchi ommaviy taklifning yakuniy narxi va hajmi may oyi o‘rtalarida ma’lum bo‘ladi
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi oddiy aksiyalarni “Toshkent” fond birjasida joylashtirish va global depozitar tilxatlarni London fond birjasida chiqarish rejalari tasdiqladi. Bu haqda London birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi jamg‘arma aktivlarini sotuvchi aksiyador sifatida ishtirok etadi. Birlamchi ommaviy taklif (IPO) ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda oddiy aksiyalar mahalliy maydonda — O‘zbekiston va ayrim boshqa davlatlardagi institutsional va chakana investorlar uchun taklif etiladi. Ikkinchi bosqichda esa Londonda xorijiy institutsional investorlar uchun global depozitar tilxatlar (GDR) sotiladi.
Aksiyalar va depozitar tilxatlarning aniq narxi hamda hajmi buyurtmalar kitobi yopilgach belgilanadi. Yakuniy natijalar may oyining o‘rtalarida e’lon qilinib, shundan so‘ng har ikki birjada savdolar boshlanishi rejalashtirilgan.
Xalqaro joylashtirish jarayonini Jefferies International Limited kompaniyasi Abu Dhabi Commercial Bank, Auerbach Grayson, Raiffeisen Bank International AG va boshqa hamkorlar bilan birgalikda muvofiqlashtiradi. Ichki bozorda joylashtirish Alkes Research, Avesta Investment Group va Bluestone brokerlari tomonidan amalga oshiriladi. Moliyaviy va yuridik maslahatchilar sifatida STJ Advisors, Cleary Gottlieb, White & Case, Dentons Tashkent va boshqa tashkilotlar jalb qilingan.
Asosiy investorlar sifatida BlackRock, Franklin Resources, Redwheel fondlari hamda Allan & Gill Gray Foundation tuzilmalari ishtirok etadi. Ular standart shartlar bajarilgan taqdirda qariyb $300 mlnlik depozitar tilxatlarni sotib olish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgan.
Toshkent va London birjalarida joylashtiriladigan qimmatli qog‘ozlar yakuniy soni buyurtmalar qabul qilish jarayoni yakunlangach sotuvchi aksiyador tomonidan belgilanadi. Xalqaro joylashtirish doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi GDRlarning umumiy hajmining 15% igacha qo‘shimcha sotish opsiyasidan foydalanish huquqiga ega. Chakana investorlar uchun narxlar va boshqa batafsil shartlar alohida prospektda e’lon qilinadi.
Jamg‘arma boshqaruvchisi sifatida Franklin Templeton Asset Management faoliyat yuritadi. 2025-yil yakuniga ko‘ra, 13 ta davlat korxonasidagi ulushlarni o‘z ichiga olgan jamg‘arma sof aktivlari qiymati $2,44 mlrdga baholangan. Investitsiya portfelida transport, energetika va telekommunikatsiya sohalari eng katta ulushni egallaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ