Markaziy bank biometrik ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha yangi talablarni joriy etdi
Endilikda banklar va boshqa moliya bozori ishtirokchilari mijozlarning biometrik ma’lumotlarini faqat O‘zbekiston hududida saqlashi kerak
Фото: Kapital.uz
Markaziy bank mijozlarni identifikatsiya qilishda foydalaniladigan biometrik ma‘lumotlarni saqlash bo‘yicha yangi talablarni joriy etdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Tegishli qaror 1-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, rasmiy e‘lon qilingan kundan e‘tiboran kuchga kirgan.
Yangi talablarga ko‘ra, to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar, faktoring elektron platformalari hamda kredit byurolari mijozlarni identifikatsiya va autentifikatsiya qilishda foydalaniladigan jismoniy shaxslarning biometrik ma‘lumotlarini faqat O‘zbekiston hududida saqlashi shart.
Shu bilan birga, biometrik bo‘lmagan boshqa turdagi shaxsga doir ma‘lumotlarni “Shaxsga doir ma‘lumotlar to‘g‘risida” gi qonun talablariga muvofiq O‘zbekiston hududidan tashqarida saqlash va ularga ishlov berishga ruxsat beriladi.
Markaziy bank qayd etishicha, o‘zgartirishlar moliya bozorida biometrik ma‘lumotlarni saqlash bo‘yicha yagona huquqiy yondashuvni shakllantirish, shaxsga doir ma‘lumotlarni himoya qilish hamda axborot va kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Bundan oldin Vazirlar Mahkamasi shaxsga doir ma’lumotlar bir xil darajada himoya qilinishini ta’minlovchi chet davlatlar ro‘yxatini tasdiqlagandi. Ro‘yxatga jami 49 ta mamlakat kiritilgan bo‘lib, ularga xalqaro kelishuvlar asosida ishlovchi axborot tizimlari orqali shaxsga doir va egasizlantirilgan ma’lumotlarni qo‘shimcha ruxsatsiz hamda vakolatli organni xabardor qilmasdan uzatish mumkin bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ