Amir Temur xiyoboni atrofida svetoforli yerusti o‘tish yo‘llari tashkil etilishi mumkin
Toshkent markazida piyoda yo‘llari tiklanib, transport oqimini optimallashtirish va avtobuslar uchun alohida yo‘lak yaratish rejalashtirilmoqda
Toshkent shahri markazidagi Amir Temur xiyoboniga yerosti o‘tish yo‘llari o‘rniga svetoforli yerusti o‘tish yo‘llarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) mazkur loyihaning dastlabki variantini taqdim etdi.
Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirishda avtomobillar va jamoat transporti oqimi, piyodalar yo‘nalishlari hamda shaharning ushbu muhim tugun nuqtasi atrofidagi hududlarning istiqbolli rivojlanishi masalalari inobatga olinadi.
Transport tizimini boshqarish markazi quyidagilar taklif qilmoqda:
- Avvallari bo‘lgani kabi, Sayilgoh ko‘chasi (Brodvey) hamda Kurantlar tomondan (Amir Temur shohko‘chasi) xiyobonga olib boruvchi “zebra”larni tiklash. Piyodalar xavfsizligini oshirish uchun u yerda svetoforlar o‘rnatish.
- Forumlar saroyi (Maxtumquli ko‘chasi) va Temuriylar tarixi davlat muzeyi (Amir Temur shohko‘chasi) oldida svetoforli “zebra”lar va uchburchak shaklidagi xavfsizlik orolchalarini tashkil etish.
- Temuriylar muzeyi va “O‘zbekiston” mehmonxonasi yonida turistik avtobuslar uchun to‘xtash joylarini tashkil qilish.
Yuridik universiteti bo‘ylab va boshqa joylarda pulli to‘xtash joylari saqlanib qoladi.
YHTEM hisob-kitoblariga ko‘ra, harakatlanish sxemasini optimallashtirish natijasida xiyobon atrofidagi aylanma yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati “konfliktli nuqtalarning kamayishi bilan bir vaqtda soatiga 5600 tadan 6000 ta avtomobilgacha ortadi”.
Hokimlik matbuot xizmatining Gazeta’ga ma’lum qilishicha, loyiha hali takomillashtiriladi. Xususan, xiyobon atrofida avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘lak o‘tishi kerak, bu esa avtomobillar uchun mo‘ljallangan haddan tashqari keng qatnov qismini qo‘shimcha ravishda toraytiradi.
Kuni kecha hokimlik, shuningdek, Sayilgoh ko‘chasi va unga tutash hududlarni kompleks rivojlantirish rejalari haqida ham xabar bergan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ