O‘zbekistonda aholi qarzdorligi bir yilda 10,5 trln so‘mga oshdi
Banklar tomonidan berilgan ipoteka kreditlari 83,9 trln so‘mga yetib, kredit portfelida yetakchilikni saqlab qolmoqda
Foto: Kapital.uz
O‘zbekistonda aholining banklar oldidagi qarzdorligi o‘sishda davom etmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-may holatida jismoniy shaxslarning jami kredit qarzi 230,77 trln so‘mga yetgan.
Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davrida 220,3 trln so‘mni tashkil etgan edi. Shu tariqa, bir yil ichida aholi qarzdorligi 10,5 trln so‘mga oshgan.
Kredit portfeli tarkibida ipoteka qarzlari eng katta ulushni tashkil etgan. Hozirgi kunda aholi olgan ipoteka kreditlari hajmi 83,9 trln so‘mga teng.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 trln so‘mga ko‘paygan. Natijada ipoteka kreditlari aholi qarzdorligining eng yirik segmenti bo‘lib qolmoqda.
Ipotekadan keyin eng katta yo‘nalishlar mikroqarzlar va mikrokreditlar bo‘lgan. Mikroqarzlar hajmi 50,1 trln so‘mga, mikrokreditlar esa 44,3 trln so‘mga yetgan.
Avtokreditlar miqdori ham yuqori bo‘lib, 39,6 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu aholining transport vositalari xaridi uchun bank mablag‘lariga tayanayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ta’lim kreditlari 6,9 trln so‘m darajasida shakllangan va o‘tgan yilga nisbatan deyarli o‘zgarmagan. Iste’mol kreditlari esa 515 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida mamlakatdagi banklarda muammoli kreditlar hajmi 2 trln so‘mga o‘sdi. Eng katta o‘sish Milliy bank, Kapitalbank, Agrobank va Madad Invest bank hissasiga to‘g‘ri kelgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ