O‘zbekistonda har yili daromadi 1 trln so‘mdan oshadigan 50 ta korxona IPO’ga tayyorlanadi

Bu xususiy korxonalarga chetdan yiliga kamida $1 mlrd jalb qilish imkonini beradi

O‘zbekistonda har yili daromadi 1 trln so‘mdan oshadigan 50 ta korxona IPO’ga tayyorlanadi

O‘zbekistonda mahalliy korxonalarni xalqaro kapital bozoriga olib chiqish maqsadida nufuzli investitsiya banklari ishtirokida maxsus akseleratsiya dasturi yo‘lga qo‘yilib, har yili daromadi 1 trln so‘mdan oshadigan 50 ta yetakchi korxona saralab olinishi belgilandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Xorazmda o‘tkazilayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

Ularni IPO’ga tayyorlash, hisobotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish xarajatining yarmi qoplanadi. Bu xususiy korxonalarga chetdan yiliga kamida $1 mlrd jalb qilish imkonini beradi.

Joriy yil ilk bor 13 ta strategik kompaniya aktiviga ega Milliy investitsiya jamg‘armasining 30% ulushi Toshkent va London fond birjalariga chiqarildi. Mazkur tajriba xususiy sektor uchun ham tashqi kapital bozorlarga yo‘l ochgani ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev har yili $50 mlrdlik yuqori texnologik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotganini qayd etib, ularda kadr tayyorlash komponenti bo‘lishi shartligini taʼkidladi.

Har bir loyihaning samarasi faqat texnologiyaga emas, uni ishlata oladigan malakali kadrlarga bog‘liq, dedi davlat rahbari.

Urganchda Germaniya va Xitoy tajribasi asosida o‘quvchilarni “yashil” energetika, qurilish, hamshiralik, agronomlik, elektrotexnika kabi 10 turdagi kasbga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tajriba respublikaning barcha hududlariga tatbiq etilishi ma’lum qilindi.

Texnikum tashkil qiladigan yoki davlat texnikumini olib xalqaro standart asosida kadr tayyorlaydigan tadbirkorlarning xarajatlari solig‘idan chegirib beriladi. Shu tizim orqali 1 mln yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsad qilingan.

Ma’lumot uchun, joriy 2026-yilda O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalari London va Toshkent fond birjalarida ommaviy savdoga chiqarildi. Bu mamlakat tarixidagi ilk yirik xalqaro aksiyadorlik bitimi sifatida qayd etildi.

IPO natijasida mamlakat iqtisodiyotiga qariyb $604 mln miqdorida mablag‘ jalb etilgan. Hozirda jamg‘armaning umumiy bozor qiymati $1,95 mlrdga baholanmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 10 ming korxonaga sun’iy intellekt joriy etish xarajatining yarmi qoplanadi
/
O‘zbekistonda 10 ming korxonaga sun’iy intellekt joriy etish xarajatining yarmi qoplanadi
Endilikda kompaniyalar elektr energiyasi va gaz uchun oldindan to‘lovning faqat 15% ini amalga oshirishi mumkin
/
Endilikda kompaniyalar elektr energiyasi va gaz uchun oldindan to‘lovning faqat 15% ini amalga oshirishi mumkin
“Biznes start” dasturi orqali tadbirkorlarga 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi
/
“Biznes start” dasturi orqali tadbirkorlarga 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi