Besh tashkilot kapital bozorining “regulyator qumdoni”ga kirdi

Moliya muassasalari valyuta obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Besh tashkilot kapital bozorining “regulyator qumdoni”ga kirdi

So‘nggi ikki kun ichida beshta moliyaviy tashkilot kapital bozorining “regulyator qumdoni” (sandbox) ishtirokchisiga aylandi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) ma’lum qildi.

17-iyun kuni mikroqarz tashkiloti Agat Credit, investitsiya kompaniyasi Freedom Finance va Kapital-Depozit (Kap Depo) “regulyator qumdoni”ga qabul qilindi. Bir kun avval, 16-iyun kuni esa ro‘yxatga Kapitalbank hamda uning sho‘ba korxonasi Kapital Securities kiritilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kapitalbank va Agat Credit xorijiy valyutada nominallangan obligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda. Freedom Finance va Kapital Securities mazkur qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish jarayonida investitsiya vositachisi sifatida faoliyat yuritadi.

Shuningdek, Kap Depo valyuta obligatsiyalari bilan bog‘liq operatsiyalarda investitsiya brokeri va anderrayter vazifalarini bajaradi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida ILMA O‘zbekistonda xorijiy valyutadagi obligatsiyalar muomalasini tartibga soluvchi yangi qoidalarni tasdiqlagan edi. Hujjat “regulyator qumdoni” doirasida bunday qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, joylashtirish, muomalaga kiritish va so‘ndirish tartibini belgilaydi.

Unga ko‘ra, bitta yuridik shaxs uchun muomaladagi valyuta obligatsiyalari hajmi $50 mln bilan cheklangan. Ta’minlanmagan obligatsiyalar faqat kompaniyaning o‘z kapitali doirasida chiqarilishi mumkin. Agar emissiya hajmi ushbu limitdan oshsa, ortiqcha qism uchun qo‘shimcha ta’minot taqdim etilishi shart.

Ta’minot sifatida ko‘chmas mulk, pul mablag‘lari, bank kafolatlari yoki sug‘urta polislaridan foydalanishga ruxsat beriladi. Shuningdek, emitentlar uchun moliyaviy kovenantlar joriy etilgan va jismoniy shaxslar bunday valyuta obligatsiyalarini faqat bank infratuzilmasi orqali sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi ilk premium turistik poyezd — Samarkand Express ishga tushiriladi
/
O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi ilk premium turistik poyezd — Samarkand Express ishga tushiriladi
Markaziy bank asosiy stavkani yana 14% darajasida qoldirdi
/
Markaziy bank asosiy stavkani yana 14% darajasida qoldirdi
Xorijiy investorlar uchun Toshkent va Samarqandda “Kelajak metallari” texnoparklari ochiladi
/
Xorijiy investorlar uchun Toshkent va Samarqandda “Kelajak metallari” texnoparklari ochiladi