Toshkentda 200 mingta avtomobilga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turargohlar tashkil etiladi
Poytaxtdagi avtoturargohlar uchun joylar belgilangan va ular bosqichma-bosqich auksionga chiqariladi
Toshkentda umumiy sig‘imi 200 mingta avtomobilga mo‘ljallangan ko‘p qavatli va yerosti turargohlar uchun joylar belgilandi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Hokimning qayd etishicha, joylar Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bilan birgalikda belgilangan bo‘lib, bu maydonlar bosqichma-bosqich auksionga chiqariladi. Shavkat Umurzoqov ilgari avtoturargoh uchun ajratilgan ko‘plab yerlarda biznes markazlar qurilib ketilganini ham tan oldi.
Afsuski, ilgari avtoturargoh uchun ajratilgan ko‘plab yerlarda biznes markazlar qurilib ketilgan, bunaqa xatolar takrorlanmasligi uchun bugungi kunda tegishli organlar bilan bu masalani qattiq nazorat ostiga olganmiz, dedi hokim.
U bozorlarni modernizatsiya qilish, gavjum ko‘chalarni rivojlantirish masalasiga ham to‘xtaldi.
Uchala yo‘nalishni birlashtirgan tamoyil bitta — davlat sharoit yaratadi, investor quradi, aholi uchun xizmat sifati oshadi, jamoat manfaati esa qat’iy intizom va shartlar bilan ta’minlanadi, dedi Shavkat Umurzoqov.
Hokimning ta’kidlashicha, bozorlar eng og‘ir yo‘nalishlardan biri. Hozirgi bozorlar ko‘rinishi bilan ham, biznes modeli bilan ham zamonaviy talablarga javob bermaydi. Shuning uchun 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi investorlarga taklif etilmoqda. Ular qatorida Sergeli avtomobil bozori, “O‘rikzor”,“Qo‘yliq” kabi bozorlar bor edi.
Lekin bir narsani aniq aytaman: birorta bozor yopilmaydi va o‘z funksiyasini yo‘qotmaydi. Investorga uchta qat’iy shart qo‘yiladi: belgilangan hajmdagi savdo rastalarini zamonaviy shaklda qurib davlatga topshirish, mavjud tadbirkorlarning ish o‘rinlarini saqlash va yetarli sig‘imdagi avtoturargoh barpo etish. Investor faqat samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, xizmat va ko‘ngilochar obyektlar qurish huquqini oladi, dedi u.
24/7 ishlaydigan turistik va gavjum ko‘chalar haqida gapirganida umumiy uzunligi 140 kilometr bo‘lgan 100 ga yaqin ko‘cha tanlab, toifalarga ajratilganini, sinov tariqasida bugungi kunda 8 ta tun-u kun ishlaydigan ko‘cha ochilganini bildirdi.
Ular faqatgina ta’mirlash yoki qurilish bilan cheklanmasligini, har bir ko‘chaga infratuzilmani ozoda saqlaydigan va tadbirlar tashkil etadigan boshqaruv kompaniyalari, shu jumladan, eng rivojlangan shaharlarda ishlaydigan samarali va kreativ jamoalar jalb qilinayotganini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ