O‘zbekistonda 175 mln so‘mdan oshgan operatsiyalar ustidan nazorat kuchaytiriladi
Pul yuvishga qarshi yangi talablar 9-avgustdan kuchga kiradi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda banklar 175 mln so‘mdan oshadigan bir martalik tranzaksiyalar bo‘yicha mijozlarni yanada chuqurroq tekshirishni boshlaydi. Tegishli hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Yangi o‘zgartirishlar jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan Ichki nazorat qoidalariga kiritilgan bo‘lib, ular FATF — Moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhi tavsiyalariga asoslanadi.
Hujjatga ko‘ra, hisob ochmasdan amalga oshiriladigan tranzaksiyalar uchun yagona limit joriy etildi. Ushbu chegaradan oshilganda shaxsni majburiy identifikatsiya qilish talab etiladi. Mazkur limit 206 mln so‘mdan 175 mln so‘mgacha pasaytirildi.
Shuningdek, pul o‘tkazmalarida ko‘rsatilishi shart bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati aniqlashtirildi.
Jo‘natuvchi tomon uchun tranzaksiya raqami, yashash manzili va tug‘ilgan sana (fuqarolar uchun) yoki STIR (kompaniyalar uchun) majburiy hisoblanadi. Mablag‘ni qabul qiluvchi tomon uchun esa tranzaksiya raqami, joylashuvi hamda STIR ma’lum qilinishi kerak bo‘ladi.
Mazkur talablar mamlakat ichida 10,3 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan barcha to‘lovlarga tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, moliyaviy tashkilotlar tovar va xizmatlar uchun hisob-kitoblarda plastik kartalar harakatini xaridordan sotuvchigacha bo‘lgan butun zanjir bo‘ylab kuzatishni ta’minlashi shart. Chet davlatларда naqd pul yechib olishda ham karta rekvizitlari qayd etiladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarning hisoblari bo’yicha ikki kun davomida 16,48 mln so‘mdan oshgan operatsiyalar shubhali deb baholanadi.
Shuningdek, FATF tomonidan kuchaytirilgan monitoring ostidagi davlatlardan 412 mln so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushishi yoki shuncha summa ushbu mamlakatlarga yuborilishi ham shubhali operatsiyalar toifasiga kiritildi. Ushbu qoida bir martalik tranzaksiyalarга ham, bir oy davomidagi ketma-ket o‘tkazmalarga ham tatbiq etiladi.
Import shartnomalari shartlarini o‘zgartirish bilan bog‘liq bitimlarni shubhali deb topish chegarasi ham pasaytirildi. Endilikda tovarlar uchun to‘lovlarni xizmatlar yoki qarzdorlikni so‘ndirishga almashtirish bilan bog‘liq operatsiyalar 2,06 mlrd so‘mdan boshlab nazoratga olinadi. Avval bu limit 8,24 mlrd so‘m edi.
Yakuniy tahrirdan jismoniy shaxslar hisoblariga 1,03 mlrd so‘mdan ortiq naqd pul kiritishni yuqori xavfli operatsiya sifatida baholash normasi chiqarib tashlangan.
Agar bank shubhali faollikni aniqlasa, u 10 ish kuni ichida bitim ishtirokchilari haqida mavjud ma’lumotlarni yig’ish, tomonlarning ishbilarmonlik obro‘sini ochiq bazalar orqali tekshirishi, mablag‘lar manbasi, tranzaksiya vaqti, geografiyasi hamda umumiy hajmini tahlil qilishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, operatsiyalar mijozning odatiy moliyaviy faolligi bilan solishtiriladi va mablag‘larning haqiqiy kelib chiqishini yashirishga urinishlar mavjud yoki yo‘qligi o‘rganiladi.
Tasdiqlangan tartib rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ