O‘zbekistonda kliring tizimi orqali to‘lovlar hajmi 8,7% ga oshdi
2026-yil iyulida tizim orqali 17,2 mln ta to‘lov amalga oshirilib, ularning umumiy qiymati 11,6 trln so‘mni tashkil etdi
2026-yil iyul oyida Markaziy bankning Hisob-kitoblar kliring tizimi orqali 17,2 mlnta to‘lov qabul qilindi. Bu 2025-yil iyuliga nisbatan 5,3 mlnta yoki 44,2% ga ko‘p. To‘lovlarning umumiy hajmi esa 11,6 trln so‘mni tashkil etib, bir yil ichida 8,7% ga oshdi.
Banklar kesimida eng katta o‘zgarishlardan biri Aloqabankda kuzatildi. Bank orqali amalga oshirilgan to‘lovlar soni 7,3 mln tadan 9 mlntagacha, ya’ni 22,6% ga oshgan. To‘lovlarning umumiy summasi esa 2,35 trln so‘mdan 3,01 trln so‘mga yetib, 27,9% ga ko‘paygan.
TBC Bankda to‘lovlar soni qariyb 1,5 mln taga oshib, 1,05 mln tadan 2,56 mln tagacha yetgan. To‘lovlar summasi ham 445,9 mlrd so‘mdan 674,9 mlrd so‘mgacha ko‘tarilgan.
Hamkorbankda esa to‘lovlar soni eng yuqori sur’atlarda o‘sgan banklardan biri bo‘ldi — 62,3 ming tadan 1,09 mln tagacha. Bu qariyb 17 barobar o‘sishni anglatadi. To‘lovlar summasi 231,8 mlrd so‘mdan 516,3 mlrd so‘mgacha oshgan.
Uzum Bank orqali qabul qilingan to‘lovlar soni 211,4 ming tadan 728,5 mingtagacha ko‘paygan. Ularning umumiy qiymati esa 62 mlrd so‘mdan 121,4 mlrd so‘mgacha oshgan.
Ipoteka-bankda to‘lovlar soni 232,5 ming tadan 292,6 mingtagacha, to‘lovlar summasi esa 285 mlrd so‘mdan 477,9 mlrd so‘mgacha yetgan.
Umuman olganda, raqamlar kliring tizimida to‘lovlar soni ularning umumiy qiymatiga nisbatan ancha tez o‘sayotganini ko‘rsatmoqda. 2025-yil iyulida tizim orqali 11,9 mln ta, jami 10,6 trln so‘mlik to‘lov qabul qilingan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ