O‘zbekistonda yil boshidan 9 282 ta kiberjinoyat fosh etildi
Kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarga yetkazilgan 120,5 mlrd so‘mdan ziyod zarar qaytarildi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi yarmida 9 282 ta kiberjinoyat fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi hay’at yig‘ilishida ma’lum qilindi.
2026-yil Ichki ishlar vazirligi tizimida “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili” deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan kiberjinoyatlarning oldini olish, aholining kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarini oshirish va fuqarolarni internetdagi xavflardan ogohlantirishga qaratilgan profilaktik ishlar kuchaytirilgan.
Markaziy bank bilan hamkorlikda ishga tushirilgan maxsus tizim orqali 29 trln so‘m mablag‘ning noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olingan. Shuningdek, jinoyatlarga aloqador 18 838 ta bank kartasi bloklangan.
Aniqlangan kiberjinoyatlarning 4 011 tasi ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan fosh etilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 13 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 120 mlrd 496 mln so‘mdan ziyod moddiy zarar qaytarilgan.
Kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari orqali mamlakat aholisining qariyb 23 mln nafari qamrab olingan.
Shu bilan birga, hay’at yig‘ilishida kiberjinoyatlarga qarshi amalga oshirilayotgan choralar hali yetarli emasligi qayd etilgan. Murojaatlarni chuqur o‘rganish, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va ularga imkon berayotgan omillarni tahlil qilish zarurligi ta’kidlangan.
Ichki ishlar organlari xodimlarining kiberxavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirish, ularni zamonaviy axborot texnologiyalari hamda kiberjinoyatlarni aniqlash usullariga o‘rgatish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda profilaktika, moliyaviy operatsiyalar ustidan nazorat va aholining raqamli savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilishi belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ