Soliq qarzini tan olgan tadbirkorlar hisobvarag‘ini sudsiz blokdan chiqarishi mumkin bo‘ladi
Qarorga e’tiroz bildirilgan taqdirda esa masala sud orqali hal qilinadi
Oliy Majlis Senati 8-avgustdagi majlisida tadbirkorlarga tushadigan regulyatorlik yukini kamaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Hujjat bilan biznesning bank hisobvaraqlaridagi operatsiyalarni to‘xtatib turish tartibini o‘zgartirish taklif etilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, soliq organlari tadbirkorning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni 10 kungacha to‘xtatib turishi mumkin. Bundan uzoqroq muddatga cheklov kiritish uchun sud qarori talab etiladi.
Hisobvaraqdagi operatsiyalarni to‘xtatib turish barcha xarajat operatsiyalarini cheklashni anglatadi. Mazkur chora soliq majburiyatlari bajarilishini ta’minlash maqsadida qo‘llanadi.
Senatda qayd etilishicha, amaldagi tartib tadbirkor qoidabuzarlikni tan olgan va soliq organining qaroriga e’tiroz bildirmagan holatlarda ham ko‘plab sud ishlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, 2023–2025-yillarda iqtisodiy sudlar tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi operatsiyalarni to‘xtatib turish bilan bog‘liq 960 mingdan ortiq ishni ko‘rib chiqqan. Ularning 95% ida soliq organlarining arizalari qanoatlantirilgan.
Qolgan ishlarning salmoqli qismida rad etish sababi soliq to‘lovchi sud muhokamasi davomida qoidabuzarlikni allaqachon bartaraf etgani bilan bog‘liq bo‘lgan.
Senator Erkin Gadoyevning ma’ruzasida ta’kidlanishicha, soliq qonunchiligi talablari bajarilgach, hisobvaraqlardagi cheklovni soliq organining o‘zi olib tashlashi mumkin. Shunga qaramay, tadbirkor qarorga e’tiroz bildirmagan holatlarda ham ishni sudga yuborish zarurati saqlanib qolmoqda.
Qonun bilan ushbu tartibni tadbirkorning pozitsiyasiga qarab ajratish taklif etilmoqda.
Agar tadbirkor soliq qoidabuzarligini tan olsa va qarorga e’tiroz bildirmasa, bank hisobvaraqlaridagi operatsiyalarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni soliq organining o‘zi qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Qoidabuzarlik bartaraf etilgach, hisobvaraqlardagi cheklov ham soliq organi tomonidan mustaqil ravishda bekor qilinadi.
Agar tadbirkor soliq organining qaroriga rozi bo‘lmasa, hisobvaraqlardagi operatsiyalarni to‘xtatish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi. Bunda soliq organi tadbirkorning e’tirozi olinganidan keyin 3 kundan kechiktirmay sudga murojaat qilishi kerak bo‘ladi.
Soliq organi sudga ariza bilan birga tadbirkorning e’tirozlarini, aniqlangan qoidabuzarlik dalillarini hamda unga tegishli xabarnoma yuborilganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim.
Agar sud tadbirkorning e’tirozlarini asosli deb topsa yoki qoidabuzarlik sud ko‘rib chiqayotgan paytda bartaraf etilganini aniqlasa, hisobvaraqlardagi operatsiyalarni to‘xtatib turish chorasi sud qarori qonuniy kuchga kirgan kuni bekor qilinadi.
Senatda ta’kidlanishicha, yangi tartib tadbirkorlarning vaqt va moliyaviy xarajatlarini qisqartirish, shuningdek, soliq organlari tomonidan iqtisodiy sudlarga yuboriladigan ishlar sonini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ