Soliq qo‘mitasiga yil boshidan 29,8 mingta murojaat kelib tushdi
Murojaatlarning qariyb 60% ulushi interaktiv xizmatlar va 28% ulushi esa keshbek masalalari haqida bo‘lgan
Фото: Kapital.uz
Soliq qo‘mitasi markaziy apparatida 2026-yil yanvar–iyul oylarida elektron hujjat aylanish tizimi orqali jismoniy va yuridik shaxslardan 29 806 ta murojaat ro‘yxatga olingan. Bu haqda qo‘mita ma’lumotlarida keltirilgan.
Murojaatlarning asosiy qismi — 24 611 tasi yoki 82,6%i elektron shaklda kelib tushgan. Yana 3 251 ta (10,9%) murojaat og‘zaki, 1 944 ta (6,5%) murojaat esa yozma shaklda yuborilgan.
Murojaatlarda eng ko‘p ko‘tarilgan masala soliqlarga oid tushuntirish berish bo‘lgan — bunday murojaatlar soni 13 397 tani tashkil etgan.
Shuningdek, 368 ta murojaatda soliqlardan ozod qilish va imtiyozlar berish masalasi ko‘tarilgan. Soliq tizimi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha 176 ta, tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi qonunbuzarliklar bo‘yicha esa 16 ta murojaat kelib tushgan.
Qolgan 15 849 ta murojaat boshqa masalalarga, jumladan, ma’lumot taqdim etish, ijtimoiy masalalar va minnatdorchiliklarga to‘g‘ri kelgan.
Murojaatlarning 95%i hal etilgan
Ko‘rib chiqilgan va hal etilgan murojaatlar soni 28 311 tani yoki jami murojaatlarning 95% ini tashkil etgan.
Yana 82 ta (0,3%) murojaat tegishli tashkilotlarga yuborilgan. 43 ta (0,1%) murojaat bo‘yicha o‘rganish jarayonida tasdig‘ini topmagan holatlar aniqlangan, 45 ta (0,2%) murojaat esa anonim bo‘lgani sababli ko‘rmasdan qoldirilgan.
Yana 1 325 ta (4,4%) murojaatni ko‘rib chiqish muddati davom etmoqda.
Hududlar bo‘yicha eng ko‘p murojaat Toshkent shahridan kelib tushgan — 10 732 ta yoki jami murojaatlarning 36%i. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 2 701 ta (9,1%) va Samarqand viloyati — 2 450 ta (8,2%) bilan qayd etilgan.
- Toshkent shahri — 10 732 ta (36%)
- Toshkent viloyati — 2 701 ta (9,1%)
- Samarqand viloyati — 2 450 ta (8,2%)
- Qashqadaryo viloyati — 2 176 ta (7,3%)
- Farg‘ona viloyati — 1 826 ta (6,1%)
- Andijon viloyati — 1 589 ta (5,3%)
- Buxoro viloyati — 1 469 ta (4,9%)
- Surxondaryo viloyati — 1 232 ta (4,1%)
- Navoiy viloyati — 1 180 ta (4%)
- Namangan viloyati — 1 108 ta (3,7%)
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 929 ta (3,1%)
- Xorazm viloyati — 891 ta (3%)
- Jizzax viloyati — 853 ta (2,9%)
- Sirdaryo viloyati — 625 ta (2,1%)
- Boshqa respublikalardan — 45 ta (0,2%)
Call-markazga iyul oyida 107,7 mingta murojaat kelgan
Soliq qo‘mitasining Call-markazi 2026-yil iyul oyida soliq to‘lovchilardan 107 686 ta qo‘ng‘iroq qabul qilgan.
Murojaatlarning asosiy qismi jismoniy shaxslarga tegishli — 72 587 ta. Yuridik shaxslardan 31 563 ta, yakka tartibdagi tadbirkorlardan 3 421 ta, fermer va dehqon xo‘jaliklaridan esa 115 ta murojaat kelib tushgan.
Hududlar kesimida ham Toshkent shahri yetakchi bo‘lib, undan 33 300 ta qo‘ng‘iroq kelib tushgan. Keyingi o‘rinlarda Jizzax viloyati — 9 425 ta, Qashqadaryo viloyati — 9 416 ta, Buxoro viloyati — 8 584 ta, Toshkent viloyati — 10 938 ta, Samarqand viloyati — 5 106 ta, Navoiy viloyati — 4 766 ta, Farg‘ona viloyati — 4 458 ta, Namangan viloyati — 4 036 ta, Sirdaryo viloyati — 3 924 ta, Surxondaryo viloyati — 2 733 ta, Xorazm viloyati — 2 378 ta, Andijon viloyati — 6 567 ta va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 2 032 ta murojaat qayd etilgan. Yirik soliq inspeksiyasidan 23 ta murojaat kelib tushgan.
Call-markazga murojaatlarning 58,1%i interaktiv xizmatlar, 27,9%i keshbek, 6,3%i soliq qonunchiligi, 4,7%i hisobot shakllarini to‘ldirish va yuborish, 1,65i E-ijara platformasi, 0,7%i E-imtiyoz platformasi va yana 0,7%i “Soliq hamkor” xizmatiga to‘g‘ri kelgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ