O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalari J.P. Morgan indeksiga kiritiladi

Mamlakatning davlat qarz qimmatli qog‘ozlari rivojlanayotgan bozorlarning global indeksidan joy oladi

O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalari J.P. Morgan indeksiga kiritiladi

J.P. Morgan investitsiya banki 2026-yil 30-sentabrdan O‘zbekistonning milliy valyutada chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalarini rivojlanayotgan davlatlar davlat qimmatli qog‘ozlari indeksiga (GBI-EM) kiritadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilda O‘zbekiston uch yillik qarz qimmatli qog‘ozlarini $1 mlrdga (taxminan 12,2 trln so‘m) teng miqdorda joylashtirdi. Ular bo‘yicha foiz stavkasi 12,25% ni tashkil etdi. Mazkur bitim Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq hamda Afrika davlatlari orasida so‘nggi 15 yil ichida milliy valyutada amalga oshirilgan eng yirik bitim bo‘ldi.

GBI-EM indeksi rivojlanayotgan davlatlarning davlat obligatsiyalari bozorlarini kuzatib boradi va $300 mlrddan ortiq mablag‘ni boshqaruvchi xalqaro investorlar tomonidan qo‘llaniladi. Bugungi kunda ushbu ro‘yxatga 20 ta davlat kiradi, ularning 13 tasi investitsion reytingga ega.

O‘zbekiston MDH davlatlari orasida milliy valyutadagi suveren obligatsiyalari GBI-EM indeksiga kiritilgan yagona mamlakat bo‘ldi. Ushbu indeksga kirish investorlar bazasini kengaytirish va tashqi moliyalashtirishni jalb qilish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi. Jahon tajribasiga ko‘ra, Paragvay obligatsiyalari xuddi shunday indeksga kiritilganidan so‘ng mamlakat emitentlari uchun qarz olish stavkalari 1% ga pasaygan.

2025–2026-yillarda xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir necha bor oshirdi. Fitch Ratings va S&P Global Ratings mamlakat reytingini BB- darajasidan BB darajasiga ko‘tardi va prognozni “ijobiy” deb belgiladi. Moody’s Ratings ham O‘zbekiston reytingini Ba3 darajasidan Ba2 darajasiga yaxshiladi. Tahlilchilar buni makroiqtisodiy barqarorlik, byudjet intizomining kuchayishi va davlat qarzining xavfsiz darajada saqlanayotgani bilan bog‘lamoqda.

Ichki bozorda ham o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2022-yildagi 17,1% dan 2026-yilning birinchi yarmida 12,6% gacha pasaydi. Ularning so‘ndirish muddati esa 1,5 yildan 2,35 yilgacha uzaygan. Davlat qarzi tarkibida g‘aznachilik majburiyatlarining ulushi 9% ga, milliy valyutadagi qarzlarning ulushi esa 12,2% ga yetdi.

Xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida 2026-yilda Avstriyaning Raiffeisen Bank International banki O‘zbekistonda kastodial xizmatlarni ishga tushirdi. Bu aktivlarni saqlash va xalqaro standartlar asosida hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun zarur infratuzilmani ta’minlaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi pasaya boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi pasaya boshladi
O‘zbekistonda rieltorlar faoliyatiga yangi talablar joriy etiladi
/
O‘zbekistonda rieltorlar faoliyatiga yangi talablar joriy etiladi
O‘zbekistonda 9-avgustdan boshlab $500 gacha valyutani hujjatsiz sotib olish mumkin
/
O‘zbekistonda 9-avgustdan boshlab $500 gacha valyutani hujjatsiz sotib olish mumkin