Etihad Airways Abu-Dabidan Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ydi

Poytaxtlar o‘rtasidagi parvozlar Airbus A320 samolyotlarida har kuni amalga oshiriladi

Etihad Airways Abu-Dabidan Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ydi

Etihad Airways O‘zbekiston poytaxtiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lovchi reyslarini amalga oshirishni boshladi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur yo‘nalishdagi ilk reys 10-avgust kuni amalga oshirildi. Airbus A320 samolyoti mahalliy vaqt bilan tungi soat 02:05 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi.

Ikki shahar o‘rtasidagi aviaqatnovlar har kuni amalga oshiriladi.

Reys jadvaliga ko‘ra, BAA poytaxtidan samolyot soat 20:35 da uchib, O‘zbekistonga 02:05 da yetib keladi.

Toshkentdan Abu-Dabiga qaytish reysi 03:25 ga belgilangan bo‘lib, samolyot 06:55 da Abu-Dabiga qo‘nishi kutilmoqda. Vaqtlar har bir yo‘nalish uchun mahalliy vaqt bo‘yicha ko‘rsatilgan.

Uzbekistan Airports vakillarining ta’kidlashicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va turizm oqimini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi yo‘nalish yo‘lovchilarga Yaqin Sharqdagi yirik transport markazi orqali tranzit parvozlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.

Etihad Airways’ning O‘zbekistonga parvozlarni boshlashi dastlab 2025-yil yozida e’lon qilingan edi. 2026-yil 17-martdan boshlab haftasiga olti marta reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Aviakompaniyaga havo tashuvlarini amalga oshirish uchun “Uzaviatsiya” agentligi tomonidan ruxsatnoma o‘tgan yil kuzida berilgan.

Joriy yil bahorida Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyеvning aviakompaniyaning bosh operatsion direktori Majed Al-Marzuki bilan muzokaralarida parvozlar dasturini 17-avgustdan boshlash rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi. Keyinchalik muddat qayta ko‘rib chiqilib, parvozlarni boshlash sanasi 10-avgustga ko‘chirildi va reyslarni har kuni amalga oshirishga qaror qilindi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston va Serbiya sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha qoʻshma harakatlar rejasi qabul qildi
/
O‘zbekiston va Serbiya sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha qoʻshma harakatlar rejasi qabul qildi
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari $72,13 mlrdga yetdi
/
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari $72,13 mlrdga yetdi
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun oshishda davom etmoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun oshishda davom etmoqda