O‘zbekistonda elektromobillar uchun kredit foizlarini subsidiyalash taklif qilinmoqda

Davlat dastlabki ikki yil davomida 300 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashni rejalashtirmoqda

O‘zbekistonda elektromobillar uchun kredit foizlarini subsidiyalash taklif qilinmoqda

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning elektromobillar xaridi uchun olgan kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan qaror loyihasida so‘z yuritilgan.

Tashabbus fuqarolarning elektr transport vositalarini xarid qilish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplashga qaratilgan. Yangi tartiblar joriy yil 1-avgustdan kuchga kirishi kutilmoqda. Imtiyoz yangi avtomobil xaridi uchun milliy valyutada kredit rasmiylashtirgan jismoniy shaxslarga taqdim etiladi.

Avtomobil qiymati 412 mln so‘mdan oshmasligi kerak. Davlat imtiyozi tatbiq etiladigan kreditning maksimal miqdori esa 300 mln so‘m etib belgilanmoqda.

Byudjet hisobidan yillik 16% dan yuqori bo‘lgan foiz stavkasi qismi qoplab berilishi rejalashtirilgan. Ushbu mexanizm dastlabki ikki yil davomida amal qiladi, subsidiya miqdori esa ko‘pi bilan 8% bandini tashkil etadi.

Dasturda ishtirok etish uchun fuqarolar tijorat bankining talablariga muvofiq o‘zining to‘lov qobiliyatini tasdiqlashi va amaldagi qarz majburiyatlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi kerak. Ariza beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish vaqtida davlat ko‘magidan foydalanish istagini mustaqil ravishda belgilashi lozim.

Banklar qarz oluvchilarning barcha mezonlarga muvofiqligini tekshiradi. Ariza rad etilgan taqdirda, bank uch ish kuni ichida mijozga qaror sabablarini ko‘rsatgan holda xabar berishi shart.

Tijorat banklarini moliyalashtirishni Iqtisodiyot va moliya vazirligi amalga oshiradi. Joriy yilda dasturni moliyalashtirish uchun davlat byudjetining qo‘shimcha daromadlaridan foydalaniladi. 2027–2030-yillarda esa zarur mablag‘lar aholining real talabidan kelib chiqib, davlat byudjetining asosiy parametrlariga kiritiladi.

Vazirlikdan mablag‘larni banklarning maxsus hisobvaraqlariga o‘tkazish jarayoni moliya tashkilotidan so‘rov kelib tushganidan keyin uch ish kunidan oshmasligi kerak. Shundan so‘ng bank mablag‘larni bir sutka ichida kredit shartnomasiga muvofiq qarzni so‘ndirishga yo‘naltiradi.

Qarz oluvchi ketma-ket uch oy davomida to‘lov jadvalini buzsa, asosiy qarz va foizlarni muddatidan oldin to‘liq yopsa, shartnomani bekor qilsa yoki ariza topshirishda yolg‘on ma’lumot taqdim etgani aniqlansa, davlat ko‘magi bekor qilinadi.

Banklar subsidiyalangan to‘lovlarning qat’iy hisobini yuritishi va har oyda tegishli vazirlikka hisobot taqdim etishi shart bo‘ladi. Mablag‘lardan maqsadli foydalanish uchun mas’uliyat moliya tashkilotlari zimmasiga yuklanadi. Jarayon ustidan nazorat esa Bosh prokuratura huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjat hozircha loyiha bosqichida bo‘lib, 22-avgustgacha muhokama qilinadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Senat Enterprise Uzbekistan markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
/
Senat Enterprise Uzbekistan markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
Tadbirkorlarga ayrim faoliyatlarni 3 oygacha litsenziyasiz boshlashga ruxsat berilishi mumkin
/
Tadbirkorlarga ayrim faoliyatlarni 3 oygacha litsenziyasiz boshlashga ruxsat berilishi mumkin
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari iyul oyida $590 mlnga oshdi
/
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari iyul oyida $590 mlnga oshdi