O‘zbekistonda qarindoshlar va talabalarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish soddalashtiriladi
Deputatlar ma’qullagan qonun loyihasi ijtimoiy norma bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish va kredit tashkilotlari roziligisiz doimiy ro‘yxatdan o‘tish imkonini beradi
Фото: Kapital.uz
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida fuqarolarni doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi aholini ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan. Xususan, uy-joy maydoni bilan bog‘liq qator cheklovlarni bekor qilish, shuningdek, taqiq yoki xatlov qo‘yilgan uy-joy mulkdorlarini ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish taklif etilmoqda.
Muhim o‘zgarishlardan biri oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni ro‘yxatga olish bilan bog‘liq.
Turmush o‘rtoqlar, ota-onalar va farzandlar, buva-buvilar va nabiralar, shuningdek, aka-uka va opa-singillar bir-biriga tegishli uy-joyga ro‘yxatga olinayotganda xonadon maydonining belgilangan ijtimoiy normaga mos kelmasligi ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘sqinlik qilmaydi.
Shu tariqa, oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni uy-joy maydoni belgilangan me’yorga mos kelish-kelmasligidan qat’i nazar, bir manzilda ro‘yxatdan o‘tkazish osonlashadi.
Yotoqxonalarda yashaydigan talabalar uchun ham alohida tartib joriy etish taklif qilinmoqda. Ularni ro‘yxatga olishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanmaydi. Bu o‘qish davrida talabalarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bilan bog‘liq mavjud muammolarni hal etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yana bir o‘zgarish ipoteka krediti yoki subsidiya hisobidan uy-joy sotib olgan fuqarolarga taalluqli.
Hozirda bunday uy-joyga taqiq yoki xatlov qo‘yilganda mulkdorlarni o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulkka ro‘yxatga olishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘ta olmaslik esa bolalarni maktab va bog‘chalarga joylashtirish, poliklinikaga biriktirish, pensiya va boshqa ijtimoiy xizmatlarni olishda muammolarga sabab bo‘lmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, taqiq yoki xatlov qo‘yilgan uy-joy mulkdori va uning yaqin qarindoshlarini mazkur uy-joyga ro‘yxatga olish uchun bank, sud, Majburiy ijro byurosi yoki bunday cheklovni qo‘yishga vakolatli boshqa organning roziligi talab etilmaydi.
Shu bilan birga, garovga oluvchilar va davlat organlarining manfaatlarini himoya qilish maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun oldindan yozma rozilik olish mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda. Keyinchalik shaxsni ro‘yxatdan chiqarish garovga oluvchi yoki taqiq yoxud xatlov qo‘ygan vakolatli organning murojaati asosida amalga oshirilishi mumkin.
Qonun loyihasi mualliflarining fikricha, mazkur mexanizm mulkdor va uning oilasining o‘zlariga tegishli uy-joyda ro‘yxatdan o‘tish huquqini ta’minlash bilan birga, kreditorlar hamda davlat organlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish imkonini beradi.
Majlis yakunida deputatlar tashabbusni konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlab, qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ