Toshkentda $173 mln evaziga issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 7 ta stansiya quriladi
Yangi energetika majmualari 500 dan ortiq ko‘p qavatli uy hamda 66 ta ijtimoiy obyektni elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlaydi
Foto: Toshkent shahar hokimligi
Toshkentda bir vaqtning o‘zida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradigan qator zamonaviy obyektlarni tashkil etish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Chilonzor tumanidagi “Bog‘zor” mahallasiga tashrifi davomida yaqinda ishga tushirilgan energiya podstansiyasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Tadbir doirasida “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi ishtirokida energiya ta’minotini yaxshilash rejalari ham muhokama qilindi.
Qurilishi rejalashtirilayotgan generatorlarning umumiy quvvati 203 MVt, isitish tizimlarining quvvati esa 182 Gkalni tashkil etadi. Yangi energetika obyektlari Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlari hududlarida joylashtiriladi.
Loyiha doirasida 66 km elektr tarmoqlari va 141 km issiqlik magistrallari yotqiziladi, shuningdek, 613 ta alohida issiqlik punkti o‘rnatiladi. Majmualarning ishga tushirilishi 50 ta doimiy ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Yangi obyektlarda yiliga 1,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi va 1,4 mln Gkal issiqlik ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish yiliga 107 mln kub metr tabiiy gaz va 4,4 mln tonna suv resurslarini tejash imkonini beradi. Bu pul hisobida 220 mlrd so‘mga baholanmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati $173 mlnni tashkil etadi. Ishlarni moliyalashtirishni Tashgen kompaniyasi amalga oshiradi. Tegishli shartnoma joriy yilning iyul oyida imzolangan. Texnik uskunalarni yetkazib berish sentyabr oyiga rejalashtirilgan.
Yashnobod va Yangihayot tumanlaridagi dastlabki obyektlarni dekabrgacha foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Qolgan stansiyalar qurilishini esa 2027-yil yozigacha yakunlash kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ