O‘zbekistonda 1-oktabrdan nimalar o‘zgaradi
Yangi oyda transport, qurilish, davlat xizmatlari va tadbirkorlik sohasida qator muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Kapital.uz 1-sentabrdan O‘zbekistonda kuchga kiradigan bir qator o‘zgarishlarni bir yerga jamladi.
Toshkentda oktyabrdan metro va avtobuslarda yoʻl haqi oshiriladi
Toshkent shahrida jamoat transportida yoʻl haqi kartadan toʻlov uchun 1 ming 700 soʻmdan 2 ming 500 soʻmga (47%) oshiriladi. Bu boʻyicha Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining qarori eʼlon qilindi.
Naqd puldagi toʻlov uchun esa chipta qiymati oshirilmaydi, ya’ni amaldagi 3 ming soʻmligicha qoladi.
Qarorga koʻra, transport kartasidan foydalanadiganlar uchun imtiyozli va bepul tariflar amal qiladi. Masalan, yoʻlovchi ATTO kartasidan avtobusga toʻlov qilib, bir soat ichida bir yoʻnalishdan boshqasiga oʻtsa, ikkinchi toʻlov 1500 soʻm boʻladi (hozir 700 soʻm). Bir soat davomida uchinchi va toʻrtinchi avtobusda harakatlanish esa bepul.
Bir soatlik tarifda metrodan faqat bir marta foydalanishga ruxsat etiladi. Ikkinchi marta metrodan foydalanganda 60 daqiqalik hisob davri yangidan boshlanadi.
Kengash qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan transport kartalarining tariflarini ham belgilagan. Unga koʻra, avtobusda harakatlanish uchun bir kunlik karta narxi 11 ming 500 soʻm, 30 kunlik qiymat 250 ming soʻm. Metroda kunlik tarif 13 ming 500 soʻm, oylik narx 345 ming soʻmni tashkil etadi.
Yagona portalda yangi xizmatlar paydo boʻladi
2026-yil 1-oktabrdan my.gov.uz portalida yangi xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida keltirib oʻtilgan.
Hujjatga koʻra, yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etiladigan xizmatlar doirasida jismoniy va yuridik shaxslar oʻzlariga tegishli koʻchmas mulk hamda avtomototransport vositalarini garovga yoki ipotekaga qoʻyish, shuningdek, begonalashtirishga taqiq oʻrnatish uchun ariza berishi mumkin. Oʻrnatilgan taqiqni bekor qilish uchun ham portal orqali murojaat yuboriladi.
Shuningdek, fuqarolar oʻz nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqamlari va bank kartalari haqidagi maʼlumotlarni koʻrish imkoniyatiga ega boʻladi.
Telefon raqamlari boʻyicha quyidagi xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi:
- raqamni muayyan muddatga nofaol holatga oʻtkazish va qayta faollashtirish;
- foydalanilmayotgan raqamga xizmat koʻrsatishni toʻxtatish uchun ariza yuborish;
- raqamga ulangan pulli xizmatlar haqida maʼlumot olish.
Bundan tashqari, bank kartasini bloklash yoki yopish boʻyicha uni chiqargan bankka – emitentga portal orqali ariza yuborish mumkin boʻladi.
Fuqaro nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda, unga Yagona portal orqali avtomatik xabarnoma yuboriladi. Portalda bunday harakatlar hisobi ham yuritiladi.
Qurilishda yangi tartib joriy etiladi
Oʻzbekistonda 2026-yil 1-oktabrdan qurilish ishlarini boshlash uchun yangi tartib joriy etiladi. Endi istiqbolli qurilish hududiga yagona identifikator berilmasdan turib, qurilishga ruxsatnoma rasmiylashtirilmaydi.
Prezident qaroriga muvofiq, qurilish jarayonlarini raqamlashtirish va ular ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasida bir qator yangi raqamli instrumentlar joriy etiladi.
Jumladan, qurilishning barcha bosqichlarini kuzatish uchun Istiqbolli qurilish hududining yagona identifikatori, loyihaning raqamli pasporti hamda kapital qurilish obyektining raqamli pasporti shakllantiriladi. Ushbu tizim “Shaffof qurilish” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Qarorga koʻra, 2026-yil 1-oktabrdan yagona identifikator raqami berilmagan qurilish obyektlari uchun qurilish ishlarini boshlashga ruxsatnoma berish taqiqlanadi. Shuningdek, 2027-2028 oʻquv yilidan Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzurida Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Qarorda shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan taʼminlash, shahar muhiti sifatini yaxshilash hamda iqlim barqarorligini mustahkamlash maqsadida Milliy qoʻmitaning BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi – UN-Habitat bilan hamkorligi yanada kengaytirilishi ham belgilangan.
Moliyaviy jarimani boʻlib toʻlash mumkin boʻladi
2026-yil 1-oktabrdan boshlab tadbirkorlar moliyaviy jarimani boʻlib-boʻlib toʻlashlari mumkin boʻladi. Bu haqda prezidentning “Moliyaviy jarimalarni qoʻllash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha choralar toʻgʻrisida”gi qarorida qayd etilgan.
Qarorga koʻra, 2026-yil 1-oktabrdan vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori tadbirkorlik subyektining tanloviga koʻra quyidagi shakllardan birida ixtiyoriy ijro etilishi mumkin:
- vakolatli organning moliyaviy jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy muddatda jarima miqdorining 50% ini ixtiyoriy ravishda toʻlash sharti bilan jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod etish;
- qoʻllangan moliyaviy jarima summasini olti oy davomida teng miqdorlarda boʻlib-boʻlib toʻlash. Bunda tadbirkorlik subyekti moliyaviy jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy davomida jarima summasining oltidan bir qismi miqdoridagi dastlabki toʻlovni toʻlaganda, moliyaviy jarimani boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi avtomatik ravishda amal qiladi.
Vakolatli organning moliyaviy jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, undirilgan mablagʻlar, shu jumladan, moliyaviy jarima hamda penya yoʻnaltirilgan manbalar (tegishli byudjet va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari va boshqalar) hisobidan 15 kun muddatda mutanosib ravishda qaytariladi. Belgilangan muddatda qaytarilmagan summaga nisbatan qaytarish muddati buzilgan har bir kalendar kun uchun Markaziy bankning asosiy stavkasining uch yuzdan biriga teng miqdorida foiz toʻlanadi.
Madaniy tadbirlarga bepul vaucher beriladi
2026-yil 2-iyunda prezidentning “Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingandi.
Farmonga koʻra, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab har yili 500 ming nafar oʻqituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol oʻquvchi va talabalarga hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilalarning bir nafar farzandiga, shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucher beriladi.
Bunda vaucher qiymatidagi mablagʻlar shaxslarning nomiga ochiladigan ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi. Vaucher berish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli ravishda davlat byudjeti mablagʻlari hamda Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Buxoroning tarixiy qismida cheklov
Buxoro shahrining tarixiy qismida yoʻlovchi tashishga moʻljallanmagan vositalar harakati cheklanadi. Bu haqda Buxoro shahri hokimining qarorida belgilandi.
Qarorda aytilishicha, ayrim hollarda xorijiy va mahalliy sayyohlar sogʻligʻiga, ekskursantlarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soluvchi, madaniy meros obyektlari hududida ruxsat berilmaydigan yoʻlovchi tashish vositalarida harakat qilishi oqibatida zarar yetkazish holatlari kuzatilmoqda.
Buxoro shahrining Ark qoʻrgʻonidan Poyi kalon ansambli, Haqiqat koʻchasi boʻylab, Labi-hovuz ansambligacha boʻlgan hududda fuqarolar va ayrim yuridik shaxslar tomonidan yoʻlovchi tashishga moʻljallanmagan va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq kelmaydigan harakatlanish vositalari soni keskin ortgan.
Buning oqibatida yoʻl harakati ishtirokchisi sifatida tartibsiz harakatlanishlar, tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlarning erkin va xavfsiz harakatlanishiga xavf solayotgani va piyodalarning sogʻligʻiga shikast yetkazilishi bilan bogʻliq holatlarga yoʻl qoʻyilgan.
Qarorga koʻra, Ark qoʻrgʻonidan Poyi kalon ansambli, Haqiqat koʻchasi boʻylab, Labi-hovuz ansambligacha boʻlgan hududda qonunchilik talablariga muvofiq boʻlmagan yoʻlovchi tashish va individual harakatlanish vositalari, jumladan elektroskuter, riksha, moped, 4 gʻildirakli velosiped, elektrosamokat, karting, ot va tuyada harakatlanishini cheklashga oid barcha kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻriladi.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq yoʻlovchi tashish boʻyicha belgilangan talablarga javob bermaydigan vositalar orqali yoʻlovchi tashishga yoʻl qoʻyilishi holatlari uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari qoʻllaniladi.
Qaror 2026-yil 1-oktabrdan boshlab kuchga kiradi.
Andijonga gaz yetkazish
Andijon viloyatida tadbirkorlik subyektlari importdan olib kelingan suyultirilgan gazni to’g’ridan-to’g’ri iste’molchilarga maishiy gaz ballonlarida erkin narxlarda yetkazib beradi. Bu davlat kompaniyasi «LPG-Trade» MChJ faoliyati bilan yonma-yon, tajriba sifatida amalga oshiriladi.
Operatorlarga talablar:
- viloyatda kamida 2 ta tadbirkorlik subyekti (Operator) faoliyat yuritishi;
- tashish, qabul qilish, saqlash va tarqatish uchun infratuzilma yoki ijara (autsorsing) huquqi, shuningdek litsenziya va ruxsatnomalar bo’lishi;
- xodimlar xavfsiz ish yuritish bo’yicha o’qitilgan, attestatsiyadan o’tgan bo’lishi;
- iste’molchilar uchun xizmatlarni onlayn ko’rsatuvchi mobil ilova ishga tushirilishi lozim
Bundan tashqarim quyidagi o’zgarishlar kutilmoqda:
- tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati va fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yigʻim va toʻlovlar miqdori 30% ga kamaytiriladi;
- tuman (shahar) hokimliklari tasarrufidagi munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi turar joylar davlat taʼminotidagi hamda nomida mol-mulki boʻlmagan muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan oilalarga ustuvor ravishda ijara asosida beriladi;
- temir yoʻl orqali ichki qatnovlarda yuk tashish buyurtmanomalarini davlat xizmatlari markazlari hamda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyiladi;
- 3 – 18 yoshdagi bolalarning alohida taʼlimga ehtiyojini aniqlash va davlat taʼlim muassasalariga yoʻnaltirish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining Bolani kompleks baholash guruhi tomonidan amalga oshiriladi. Baholash guruhi faoliyati 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Navoiy va Xorazm viloyatlarida yoʻlga qoʻyiladi;
- Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etiladi hamda ularni kasbga oʻqitish boʻyicha tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari orqali vaucherlar ajratiladi;
- Xalqaro standartlashtirish tashkilotining ekologik menejment, issiqxona gazlarini boshqarish, ekologik xavfsizlik va yashil energiya xalqaro sertifikatlarini olib, mahsulotining 30% ini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqargan korxonalarning sertifikatni olish xarajatlarining 50% igacha boʻlgan qismi Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
- qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlarini majburiy tartibda ikki bosqichli skrining tekshiruvidan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
- urush nogironlari va ishtirokchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan shaxslarga havo va temiryoʻl transporti, shuningdek, shaharlararo avtobuslar uchun bepul yoki 50 foiz chegirmali chiptalar beriladi;
- suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda taʼminotchi korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan suv tejovchi texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalarini raqamli QR-kodli maxsus yorliqlangan belgi ostida ishlab chiqarish va sunʼiy yoʻldosh kuzatuv tizimi (GPS treker)ni oʻrnatish tartibi joriy qilinadi;
- palliativ tibbiy yordamga muhtoj shaxslarni aniqlash, xizmat olish uchun yoʻllash, hisobga olish va ularga xizmat koʻrsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ