Bosh rejalari elektron ro‘yxatdan o‘tmagan qurilish loyihalariga ruxsat berilmaydi
1-oktyabrdan barcha yangi arxitektura loyihalari uchun raqamli pasport va yagona identifikatsiya tizimi joriy etiladi
Фото: Kapital.uz
Urbanizatsiya sohasidagi islohotlarni jadallashtirish doirasida Barqaror urbanizatsiya va uy-joy bozorini rivojlantirish milliy qo‘mitasi shaharsozlik hujjatlarining yagona reyestri hamda istiqbolli hududlar bazasini ishga tushiradi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yil 1-noyabrdan boshlab qo‘mita bosh rejalarning raqamlashtirilgan nusxalari saqlanadigan yagona elektron bazani yurita boshlaydi. Elektron reyestrga kiritilmagan hujjatlar asosida qurilish, investitsiya va boshqa ishlarni amalga oshirishga ruxsat berilmaydi.
Aholi punktining bosh rejasi tasdiqlangach, mas’ul idoralarga uch oy muddatda uni amalga oshirish bo‘yicha 3–5 yillik kompleks dastur ishlab chiqish vazifasi yuklanadi. Dasturda amalga oshirish muddatlari va moliyalashtirish manbalari aniq belgilanishi kerak.
Mazkur dasturlar ijrosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlari yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi hamda ommaviy axborot vositalarida yoritiladi. Agar aholi punktida bosh reja mavjud bo‘lmasa yoki u 10 yildan avval ishlab chiqilgan bo‘lsa, yangi hujjatlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tayyorlanadi.
Binolar qurilishi bosqichlarini nazorat qilish maqsadida Uy-joy raqamli platformasida istiqbolli qurilish hududining yagona identifikatsiya raqami, loyiha elektron pasporti va kapital qurilish obyektining elektron pasporti joriy etiladi. Ushbu tizim “Shaffof qurilish” axborot majmuasi bilan integratsiya qilinadi.
2026-yil 1-oktyabrdan boshlab mazkur identifikatsiya raqami olinmagan loyihalarga qurilish ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, Milliy qo‘mita huzurida Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki tashkil etiladi.
Shuningdek, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab Toshkent arxitektura-qurilish universitetida zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti faoliyat boshlaydi.
Davlat, shuningdek, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash va shahar muhitini yaxshilash maqsadida BMTning Aholi punktlari dasturi (UN-Habitat) bilan hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ