1-oktabrdan jarimalar 1 oyda to‘langanda tadbirkor qolgan qismidan ozod etiladi
Shuningdek, jarimalarni 6 oyda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish rejalashtirilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan yangi mexanizm joriy etilishi mumkin. Bu haqda 13-aprel kuni Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan takliflarda ma’lum qilindi.
Taqdimotda qayd etilishicha, amalda moliyaviy jarimalarni qo‘llashda qator muammolar saqlanib qolmoqda. Jarimalarning asosiy qismi vakolatli organlar tomonidan qo‘llanilayotgani, sudlar roli esa nisbatan kamligi sud nazoratini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan joriy yil 1-oktabrdan jarimalarni ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantiruvchi yagona tartibni joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, tadbirkor bir oy ichida jarimaning 50% ini to‘lasa, qolgan qismidan ozod etiladi.
Yana bir yangilik sifatida jarimalarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish rejalashtirilmoqda. Agar tadbirkor qaror topshirilganidan keyin bir oy ichida summaning oltidan bir qismini to‘lasa, jarimani 6 oy davomida teng ulushlarda to‘lash imkoniyati avtomatik ravishda qo‘llaniladi.
Sud nazoratini kuchaytirish maqsadida jarima haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinsa, undirilgan mablag‘larni 15 kun ichida qaytarish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda. Agar bu muddat buzilsa, kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan kelib chiqqan holda foiz hisoblanadi.
Shuningdek, jarayonlarni raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida moliyaviy jarimalarning elektron reyestrini yuritish, qarorlarni elektron raqamli imzo orqali kiritish taklif etilgan. Tizimga kiritilmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar uchun mobil ilova orqali jarimalarni kuzatish va onlayn to‘lash, shuningdek, qarorlar ustidan onlayn shikoyat berish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda. Shikoyat kiritilganda qaror ijrosi avtomatik ravishda to‘xtatib turiladi.
Davlat rahbari tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, jarimalar qo‘llashda adolat va shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidlab, takliflarni yanada takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ