Yirik isteʼmolchilar uchun kunduzi elektr energiyasi arzonlashadi
Shuningdek, elektr va gaz tarmog‘iga qayta ulanish uchun qo‘shimcha to‘lov bekor qilindi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda qarzdorligi sabab elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun olinadigan qo‘shimcha to‘lov bekor qilindi. Bu prezidentning 23-sentabrda kuchga kirgan farmoni bilan belgilandi.
Endilikda qayta ulanish uchun maishiy iste’molchilardan BHMning ikki baravari — 880 ming so‘m, yuridik iste’molchilardan esa BHMning 10 baravari — 4,4 mln so‘m miqdorida qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Avvalgi tartibda mazkur to‘lov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablag‘ o‘tkazish orqali undirilgan.
Yirik iste’molchilar uchun elektr tariflaridagi o‘zgarishlar
Asosiy va zaxira elektr ta’minoti uchun ulangan quvvati yig‘indisi 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan hamda elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif asosida hisob-kitob qiladigan iste’molchilar uchun ham yangi tartib belgilandi.
Ular uchun tungi davrda — 22:00 dan 24:00 gacha hamda 00:00 dan 06:00 gacha belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llash bekor qilindi.
Yarim tig‘iz davrda — 09:00 dan 17:00 gacha esa belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlangan “namunali iste’molchilar” uchun alohida to‘lov tartibi ham joriy etildi.
Unga ko‘ra, iste’molchilar:
- hisobot oyi boshlanishidan oldin 15% miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirishi;
- qolgan summani oy davomida to‘lashi mumkin.
Bunday iste’molchilarning qarzdorlik sababli tarmoqdan uzilib qolishi qoidabuzarlik sifatida baholanmaydi.
Tabiiy gazdan foydalanuvchi issiqxona xo‘jaliklari uchun ham alohida to‘lov tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, hosil yilining dastlabki olti oyi — oktabrdan martgacha yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun 50 foiz miqdorida oldindan to‘lov amalga oshiriladi. Qolgan qismi esa oy yakuniga qadar to‘lanadi.
Keyingi oylardan boshlab tabiiy gaz uchun 100% miqdorida oldindan to‘lov amalga oshiriladi.
Mazkur tartib avvalgi oyda qarzdorligi bo‘lmagan issiqxona xo‘jaliklariga nisbatan qo‘llaniladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ