Toshkentda oktyabrdan metro va avtobuslarda yoʻl haqi oshiriladi

Onlayn yoki kartadan toʻlov 1700 soʻmdan 2500 soʻmga qimmatlashdi, naqd puldagi yoʻlkira qiymati esa oʻzgarmadi

Toshkentda oktyabrdan metro va avtobuslarda yoʻl haqi oshiriladi

2026-yil 1-oktyabrdan boshlab Toshkent shahrida jamoat transportida yoʻl haqi kartadan toʻlov uchun 1 ming 700 soʻmdan 2 ming 500 soʻmga (47%) oshiriladi. Bu boʻyicha Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining qarori eʼlon qilindi.

Naqd puldagi toʻlov uchun esa chipta qiymati oshirilmaydi, ya’ni amaldagi 3 ming soʻmligicha qoladi.

Qarorga koʻra, transport kartasidan foydalanadiganlar uchun imtiyozli va bepul tariflar amal qiladi. Masalan, yoʻlovchi ATTO kartasidan avtobusga toʻlov qilib, bir soat ichida bir yoʻnalishdan boshqasiga oʻtsa, ikkinchi toʻlov 1500 soʻm boʻladi (hozir 700 soʻm). Bir soat davomida uchinchi va toʻrtinchi avtobusda harakatlanish esa bepul.

Bir soatlik tarifda metrodan faqat bir marta foydalanishga ruxsat etiladi. Ikkinchi marta metrodan foydalanganda 60 daqiqalik hisob davri yangidan boshlanadi.

Kengash qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan transport kartalarining tariflarini ham belgilagan. Unga koʻra, avtobusda harakatlanish uchun bir kunlik karta narxi 11 ming 500 soʻm, 30 kunlik qiymat 250 ming soʻm. Metroda kunlik tarif 13 ming 500 soʻm, oylik narx 345 ming soʻmni tashkil etadi.

Avvalroq Fiskal tahlillar instituti Oʻzbekistonda jamoat transporti uchun yoʻl haqini iqtisodiy asoslangan darajaga oshirishni taklif qilgandi. Qayd etilishicha, hozirda jamoat transporti xarajatlarining 65,1%i subsidiya, yaʼni davlat byudjeti hisobidan qoplanmoqda. Subsidiyalar hajmi 2024-yildagi 1 trln soʻmdan 2025-yilda 1,2 trln soʻmga, 2026-yilda esa 1,385 trln soʻmga yetgan.

Institut hisob-kitoblariga koʻra, brutto-shartnomalarni moliyalashtirish uchun yiliga 1,9 trln soʻm talab etiladi. Shundan 1,3 trln soʻmi Toshkent shahri jamoat transportiga toʻgʻri keladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank ipoteka, avtokredit va mikroqarzlarning o‘rtacha stavkalarini e’lon qildi
/
Markaziy bank ipoteka, avtokredit va mikroqarzlarning o‘rtacha stavkalarini e’lon qildi
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini ajratish tizimi o‘zgartiriladi
/
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini ajratish tizimi o‘zgartiriladi
Yana 4 ta davlat kompaniyasining IPO’si 2027–2028-yillarga qoldiriladi
/
Yana 4 ta davlat kompaniyasining IPO’si 2027–2028-yillarga qoldiriladi