“O‘zbekiston temir yo‘llari” yuk tashish tariflarini 5% ga oshiradi
1-iyuldan, shuningdek, temir yo‘l lokomotivlarining manevr ishlari qat’iy tarif belgilandi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ 2026-yil 1-iyuldan boshlab vagonlarni uzatish va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha shartnomaviy tariflarni oshiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, vagonlarni shoxobcha yo‘llarga uzatish va olib chiqish xizmatlari narxi 5% ga oshiriladi.
Shuningdek, kompaniya lokomotivlar tomonidan bajariladigan manevr ishlari uchun yangi qat’iy tarifni tasdiqladi. Mazkur xizmat narxi qo‘shilgan qiymat solig‘isiz 510,8 ming so‘m etib belgilandi.
Bundan tashqari, logistika bilan bog‘liq qo‘shimcha xizmatlar uchun ham yangi tariflar joriy etildi. Tashilayotgan yuklarni qo‘riqlash xizmati har bir vagon uchun yo‘lning bir kilometri hisobiga QQSsiz 1 386 so‘mni tashkil etadi. Yuk kuzatuvchisi xizmati esa har kilometr uchun 100 so‘m etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil oktabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l transporti tizimini isloh qilish dasturini tasdiqlagan edi. Hujjatga muvofiq, 2024-yildan boshlab yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish, shuningdek, yuqori tezlikdagi poyezdlar chiptalari uchun bozor tamoyillariga asoslangan narx belgilash tizimi joriy etilgan.
Kompaniya moliyaviy hisobotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning sof foydasi 478 mlrd so‘mdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki baravardan ko‘proqqa ko‘paygan. Shu davrda korxona daromadlari 4,76 trln so‘mga yetgan, umumiy xarajatlar esa 15,9% ga kamaygan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ