O‘zbekistonda yoshlarga 100 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi
Kreditlar “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 31 yoshga to‘lmagan fuqarolar uchun ajratiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezidentning “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, “Aloqabank” tomonidan “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 31 yoshga to‘lmagan fuqarolarga 7 yilgacha muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Kreditlar bo‘yicha asosiy qarzni to‘lash uchun 1 yilgacha, foiz to‘lovlari uchun esa 3 oygacha imtiyozli davr beriladi.
Kredit stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4% lik punkt yuqori miqdorda belgilanadi.
Qarorga muvofiq, sug‘urta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikrokreditlar quyidagi yo‘nalishlar uchun ajratiladi:
- xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish bilan bog‘liq ta’lim xarajatlarini moliyalashtirish uchun — 20 mln so‘mgacha;
- ijtimoiy tarmoqlar marketingi, mobilografiya, frilanserlik, internet-do‘konlar tashkil etish hamda o‘zini o‘zi band qilish faoliyatiga oid loyihalar uchun — 50 mln so‘mgacha;
- kasanachilik, to‘qimachilik mahsulotlarini tayyorlash, tikuvchilik, mahsulotlarni ikkilamchi qayta ishlash va ulardan yangi mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari uchun — 50 mln so‘mgacha;
- novvoychilik hamda qandolat mahsulotlarini tayyorlash va sotish loyihalari uchun — 100 mln so‘mgacha.
Mazkur chora-tadbirlar yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ