O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda qariyb 8% ga o‘sishi kutilmoqda
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimovga ko‘ra, yil yakunida mamlakat yalpi ichki mahsuloti qariyb $180 mlrdga yetadi
O‘zbekiston iqtisodiyoti joriy yilda qariyb 8% ga o‘sishi, yalpi ichki mahsulot hajmi esa $180 mlrd atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda 18-sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan birinchi Xalqaro davlat aktivlarini boshqarish forumida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida mamlakat iqtisodiyoti ikki baravarga oshgan. O‘zbekiston 2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini $300 mlrdga yetkazishni maqsad qilgan.
Olimov iqtisodiy o‘sish va mamlakatning jahon moliya bozorlariga integratsiyalashuvi tashqi buferlar hamda xalqaro zaxiralarni boshqarishga bo‘lgan yondashuvlarni o‘zgartirishni talab qilayotganini ta’kidladi.
Iqtisodiyot o‘sdi, pul-kredit tizimi o‘zgardi va valyuta tizimimiz ham o‘zgardi. Shu sababli zaxiralarni boshqarishga bo‘lgan yondashuvimiz ham rivojlanishi kerak, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
O‘zbekistonda inflyatsiya hozirda qariyb 6,2% ni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich inflyatsiyaning maqsadli darajasiga yaqin. Markaziy bank ushbu maqsadga kelgusi yil oxirigacha erishishni kutmoqda.
Aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari ham ilk bor bir xonali ko‘rsatkichgacha pasaygan. Ular mos ravishda 9,8% va 9,6% ni tashkil qilmoqda.
Olimov makroiqtisodiy transformatsiyaning yana bir elementi sifatida valyuta rejimidagi o‘zgarishlarni qayd etdi. Mamlakat almashuv kursining moslashuvchanligini oshirib, milliy valyutaning ikki yo‘nalishda yanada erkin harakatlanishiga imkon berdi.
Shuningdek, joriy yilda Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning valyuta rejimini amalda suzuvchi rejim sifatida qayta tasnifladi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, so‘m o‘tgan yili qariyb 7% ga mustahkamlangan va joriy yilda ham shunga o‘xshash dinamika kuzatilmoqda. Shu bilan birga, suzuvchi valyuta kursi iqtisodiyot uchun tashqi zarbalarni yumshatuvchi mexanizm vazifasini bajaradi.
Zaxiralarni boshqarishni kengroq makroiqtisodiy kontekstdan ajratib bo‘lmaydi. Bu jarayon alohida holda amalga oshirilishi mumkin emas, — dedi Olimov.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ